Olga Numanova Apex Bank boshqaruv raisi oʻrinbosari etib tayinlandi
Apex Bank Kuzatuv kengashi InFinBank avvalgi rahbari Olga Numanovani bank raisining birinchi oʻrinbosari etib tayinladi. Qaror Markaziy bank bilan kelishilgach, rasman kuchga kiradi.

Apex Bank Kuzatuv kengashining 2 dekabrdagi yigʻilish bayonnomasiga koʻra, Olga Numanova bank raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Mazkur tayinlov Markaziy bank bilan kelishilganidan soʻng rasman kuchga kiradi. Shuningdek, Numanova bank boshqaruvi tarkibiga aʼzo sifatida qabul qilinishi belgilangan.
Olga Numanova 1974 yilda tugʻilgan. U 1996 yilda Toshkent moliya institutining “Moliya va kredit” yoʻnalishi boʻyicha bakalavr, 2004 yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining “Bank ishi” magistraturasi dasturini tamomlagan.
Numanova bank sohasidagi mehnat faoliyatini 1996 yilda boshlagan. 2018 yil iyundan 2023 yil dekabrgacha “InFinBank” AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari, keyinchalik boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.
Joriy yil avgust oyida esa Prezident tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Eslatib oʻtamiz, 27 noyabr kuni “InFinBank” AJ aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish qaroriga muvofiq, bankning amaldagi boshqaruv raisi Olga Numanovaning vakolatlari muddatidan oldin — 28 noyabrdan tugatildi. Uning oʻrniga Baxtiyorjon Samadovich Juraev 2025 yil 1 dekabrdan “InFinBank” AJ boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi.









