12 586.410 so‘m

increase

54.630

14 758.820 so‘m

increase

220.700

160.420 so‘m

increase

0.600

12 586.410 so‘m

increase

54.630

1 kun avval
Bank

Nasiya savdo biznesiga qarshi emasmiz, ammo uni tartibga solish kerak — Timur Ishmetov

1 yanvar holatiga koʻra, nasiya savdo bilan shugʻullanayotgan tashkilotlarning jami kredit portfeli 8,5 trillion soʻmga yetdi. Aholining yashirin qarz yuki ortib borayotgani, shartnomalarda ustama va foiz stavkalari ochiqlanmayotgani sababli Markaziy bank bu sohani davlat tomonidan tartibga solishni taklif qilmoqda.

Nasiya savdo biznesiga qarshi emasmiz, ammo uni tartibga solish kerak — Timur Ishmetov
Foto: Senat matbuot xizmati

26 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bankning 2024 yildagi faoliyati boʻyicha hisobot tinglandi. Unda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov soʻzga chiqib, bir qator masalalar qatorida nasiya savdo bozoriga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Ishmetovning taʼkidlashicha, 2025 yil 1 yanvar holatiga nasiya savdo bilan shugʻullanadigan tashkilotlarning umumiy kredit portfeli 8,5 trillion soʻmga yetgan. Ushbu portfel tarkibida 26 foizi litsenziyaga ega boʻlgan ikki mikromoliya tashkilotiga, 7 foizi tijorat banklariga, qolgan 67 foizi esa tadbirkorlik subʼektlariga toʻgʻri keladi.

“Raqamlar kichik boʻlganida bu holatga eʼtibor bermasligimiz mumkin edi. Biroq bugungi kunda 8,5 trillion soʻmlik portfel shakllangani inobatga olinsa, bu koʻrsatkich kelgusida bir necha barobar ortishi mumkin”, — dedi Ishmetov.


Mavzuga doir: Uzum Nasiya va uning hamkorlari qancha foyda koʻradi?


Shuningdek, u nasiya savdo shartnomalarida ustama toʻlovlar yoki real samarali foiz stavkalarining aniq koʻrsatilmasligi aholining ortiqcha qarz yukiga olib kelayotganini, natijada mikromoliya tashkilotlari va bank kreditlarining oʻz vaqtida qaytarilmay, muammoli kreditlarga aylanish xavfi kuchayayotganini taʼkidladi.

Bugungi kunda tijorat banklari va nobank kredit tashkilotlari tomonidan qarz ajratishda mijozning qarz yuki 50 foizdan oshmasligi boʻyicha meʼyor mavjud. Biroq, aholining nasiya savdo orqali olgan koʻplab qarz majburiyatlari Kredit byurosi bazasida qayd etilmagani tufayli, ularning haqiqiy qarz yuki baholanishdan chetda qolmoqda. Natijada banklar bunday mijozlarga belgilangan meʼyorlardan ortiq kredit ajratmoqda.

“Nasiya savdo tizimi aholining qarz yuki boʻyicha mavjud meʼyorlarga rioya etishga toʻsqinlik qilmoqda. Shu boisdan biz mazkur bozorni davlat tomonidan tartibga solish taklifini ilgari surmoqdamiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Shu munosabat bilan Markaziy bank tomonidan nasiya savdo bozorini tartibga solishga oid zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Ishmetov Markaziy bankning nasiya savdo faoliyatining oʻziga qarshi emasligini ham alohida taʼkidladi:

“Biz nasiya savdo bozoridagi biznesga mutlaqo qarshi emasmiz. Biroq biz uchun muhim jihat shundaki, nasiya asosida qarz beruvchi tashkilotlar bu maʼlumotlarni majburiy ravishda Kredit byurosiga yetkazsin. Bu orqali banklar aholining real qarz yuki haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻladi. Shuningdek, nasiya shartnomalarida mahsulotga qoʻshilgan ustama haqqi ochiq-oydin koʻrsatilishi lozim. Bu kabi talablarni qonunchilikka kiritish taklifini bermoqdamiz”.


Avvalroq Pinkod Markaziy bank tahliliga asoslanib, mahsulot xarid qilishda bank krediti va nasiya savdoning qaysi biri foydaliroq ekani yuzasidan tahliliy maqola eʼlon qilgan edi. Ushbu maqola bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:

Bank krediti yoki nasiya savdo: qaysi biri haqiqatan ham foydaliroq?

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+