Mikrokreditbankning 40 foizlik, BRB’ning 25 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi
Mazkur jamgʻarma boshqaruvi 1 may kuni Franklin Templeton investitsiya guruhiga topshirilgan edi.

Mikrokreditbankning 40 foizlik hamda Biznesni rivojlantirish bankning 25 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi. Bu haqda Korporativ maʼlumotlar yagona portalida maʼlumot berilgan.
Bundan tashqari, yana 14 ta davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalardagi aksiyalar ham mazkur jamgʻarmaga topshirilgan. Jumladan:
- “Navoiyazot” AJ — 25 foiz,
- “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ — 40 foiz,
- “Toshshahartransxizmat” AJ — 25 foiz,
- “Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ — 40 foiz aksiyalar jamgʻarma ixtiyoriga oʻtkazilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil 1 may kuni Milliy investitsiya jamgʻarmasini boshqarish huquqi xalqaro Franklin Templeton investitsiya guruhiga topshirilgan edi. Mazkur kompaniya Oʻzbekistonning 1,7 milliard dollarlik davlat aktivlarini xalqaro moliya bozorlariga olib chiqish hamda xorijiy investorlarni jalb etishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligining Xalq bankidagi 26,2 foizlik ulushi ham Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgani xabar qilingandi.