Markaziy bank nasiya savdosi ishtirokchilari uchun Axloq kodeksi loyihasini eʼlon qildi
Loyiha FinTex Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan boʻlib, u nasiya savdo tashkilotlari uchun ikki bosqichli “Ishonch belgisi” tizimini joriy etishni koʻzda tutadi.
Kodeksga muvofiq, tashkilotlar rasmiy veb-saytlarida toʻliq va aniq axborot taqdim etishi, reklamalarda chalgʻituvchi maʼlumotlardan voz kechishi, shuningdek, isteʼmolchiga shartnoma tuzishdan oldin barcha xarajatlar, ustamalar va foiz stavkalarini oshkora koʻrsatishi kerak.

Markaziy bank nasiya savdosi bozori ishtirokchilari uchun Axloq kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etdi.
Regulyator ushbu hujjatni matn shaklida emas, balki taqdimot koʻrinishida eʼlon qildi. Loyiha nasiya savdo bozorida shaffoflikni kuchaytirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, aholining ortiqcha qarz yuki xavfini kamaytirish, sogʻlom raqobat muhitini yaratish va moliyaviy tizim barqarorligini mustahkamlashni maqsad qiladi.
Loyiha FinTex Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Kodeks talablariga rioya etuvchi tashkilotlarga maxsus “Ishonch belgisi” beriladi. Belgiga ega tashkilotlarning roʻyxati FinTex Assotsiatsiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
Ishonch belgisini olish tartibi ikki bosqichda amalga oshiriladi.
- 1-bosqich (2025 yil 1 noyabrgacha): yengillashtirilgan tartib amal qiladi. Bu davrda tashkilotlar FinTex Assotsiatsiyasiga aʼzo boʻladi, Axloq kodeksiga rioya qilish majburiyatini eʼlon qiladi hamda faoliyatini kodeks talablariga muvofiqlashtiradi. Shundan soʻng Assotsiatsiyaning ijobiy xulosasiga koʻra ishonch belgisi beriladi.
- 2-bosqich (2025 yil 1 noyabrdan boshlab): toʻliq tartib joriy etiladi. Bu bosqichda tashkilotlarning kodeksga muvofiqligi mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan tekshiriladi. Ijobiy baho olgan subʼektlarga ishonch belgisi beriladi va ular har uch yilda bir marta qayta baholovdan oʻtadi.
Shaffoflik talablari
Axloq kodeksiga muvofiq, nasiya savdo tashkilotlari oʻz rasmiy veb-saytlarida quyidagi maʼlumotlarni ochiq joylashtirishi kerak:
- tashkilotning rasmiy nomi va kontakt maʼlumotlari;
- tovar va xizmatlar haqidagi toʻliq axborot;
- shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi;
- barcha toʻlovlar va ularning hisoblash usullari;
- toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va xizmatlardan foydalanish shartlari;
- maxfiylik siyosati;
- Axloq kodeksiga havola hamda ishonch belgisi statusi.
Shuningdek, shartnoma tuzishdan oldin isteʼmolchiga mahsulot yoki xizmatning toʻliq narxi, barcha ustama va komissiyalarni oʻz ichiga olgan umumiy summa, toʻlov jadvali, yigʻim va jarimalar, yillik foiz stavkasi (APR), muddatidan oldin bekor qilish shartlari, kechiktirilgan toʻlov oqibatlari, tashkilotning ishonch belgisi raqami va aloqa maʼlumotlari taqdim etilishi zarur.
Reklama faoliyatiga qoʻyiladigan talablar
Nasiya xizmatlariga oid reklama “Reklama toʻgʻrisida” va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarga toʻliq mos boʻlishi kerak. Masalan, “0%” va “bepul” iboralaridan (agar haqiqatga mos kelmasa) foydalanmaslik, shuningdek, “barcha mijozlar uchun mos” yoki “xavfsiz” ekanligi kabi xabarlar tarqatmaslik lozim.
Agar reklama Islomiy moliya tamoyillariga asoslangan boʻlsa, maxsus kengash xulosasiga havola keltirilishi lozim. Shuningdek, reklamalarda kechiktirilgan toʻlovlar yoki qoʻshimcha yigʻimlar boʻlishi mumkinligi aniq koʻrsatilishi shart.
Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
Tashkilotlar isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish mexanizmini ishlab chiqib, uni veb-sayt va mobil ilovada ochiq eʼlon qilishi kerak. Murojaatlar telefon, yozma yoki elektron shaklda qabul qilinadi. Call-markazlar tashkil etiladi. Arizalar qonunchilik talablariga muvofiq xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi, huquqbuzarliklar aniqlansa — ularni bartaraf etish va yetkazilgan zararni qoplash choralari koʻrilishi lozim.
Markaziy bank nasiya bozorini tartibga solishga anchadan beri qiziqish bildirib keladi.
Xususan, regulyator raisi Timur Ishmetov iyun oyidagi Senatdagi nutqida Markaziy bank nasiya savdo biznesiga qarshi emasligini, faqat uni tartibga solish kerakligini taʼkidlagan edi.