Markaziy bank FinTex assotsiatsiyasini nasiya bozorida regulyator qilmoqchimi?
Markaziy bank eʼlon qilgan loyihaga koʻra, nasiya savdosi ishtirokchilariga “ishonch belgisi”ni berish tartibi belgilangan.
Belgini olish uchun tashkilotlar assotsiatsiyaga aʼzo boʻlishi kerak boʻlib, aʼzolik badali rezidentlar uchun 12 mln soʻm, norezidentlar uchun esa 1 200 dollar etib belgilangan.
Mazkur yondashuv bozor mexanizmlari va tartibga solish masalalariga oid muhokamalarga sabab boʻldi:

Markaziy bank nasiya savdosi bozori ishtirokchilari uchun Axloq kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi. Hujjatda tashkilotlar uchun “Ishonch belgisi” (trustmark) olish tartibi koʻrsatilgan.
Loyihaga koʻra, nasiya savdosi bozorida faoliyat yurituvchi tashkilotlar “ishonch belgisi”ni olishlari uchun FinTex assotsiatsiyasiga aʼzo boʻlishlari shart boʻladi. Yaʼni, butun bozor ishtirokchilariga ushbu belgi davlat idoralari tomonidan emas, balki nodavlat notijorat tashkiloti boʻlgan FinTex assotsiatsiyasi tomonidan beriladi.

Assotsiatsiyaga aʼzolik pullik. Tashkilotning rasmiy saytiga koʻra, aʼzolik badali residentlar uchun yiliga QQSsiz 12 mln soʻm, norezidentlar uchun esa 1 200 AQSh dollarini tashkil etadi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu talabni keskin baholab, uni “bahsli va eʼtirozli” deb atadi. Unga koʻra, majburiy-aʼzolik sharti raqobat tamoyillariga zid boʻlib, bozorning sunʼiy konsentratsiyasiga va qon yangi regulyator shakllanishiga olib keladi:
“Agar raqobat prinsiplariga mutlaqo zid boʻlgan, istiqbolda nasiya savdo bozorining sunʼiy konsentratsiyasiga va navbatdagi qonunsiz regulyator yasalishiga olib keladigan Fintex Assotsiatsiyasiga ixtiyoriy-majburiy aʼzo boʻlish bilan bogʻliq talablari olib tashlansa, qabul qilsa boʻladi”, — deydi iqtisodchi.
Mutaxasis shuningdek FinTex assotsiatsiyasiga bunday vakolat berilishi qonuniy asosga ega boʻlishi shartligini taʼkidlagan:
“Baraka topgurlar, agar qanaqadir choʻntak Fintex Assotsiatsiyasini bozor regulyatoriga aylantirmoqchi boʻlsangizlar, buni qonun bilan amalga oshirish kerak. Hatto matni yoʻq ahloq kodeksi bilan emas”, — degan oʻz Telegram kanalida.
Assotsiatsiya sayti haqida
Loyihada “ishonch belgisi” egalari roʻyxatini FinTex assotsiatsiyasi oʻzining rasmiy saytida yuritishi belgilangan.
Biroq saytning oʻzi bir qator muammolarga ega. Eng avvalo, u faqat rus tilida ishlaydi va oʻzbek tiliga oʻtish imkoniyati mavjud emas. Interfeysning bir qismi rus tilida, ayrim boʻlimlar esa ingliz tilidagi shablon holatida qolgan. Oddiy foydalanuvchi undan samarali foydalanishi uchun kamida ikki tilni bilishi kerak boʻladi.
Hozirda assotsiatsiya aʼzolari sifatida atigi toʻrtta tashkilot koʻrsatilgan: UZCARD, UZINFOCOM, Alif va Delta M Group. Saytda Oʻzbekiston fintech bozori va bank tizimiga oid tadqiqotlar muntazam eʼlon qilib borilishi aytilgan boʻlsa-da, 2023 yildan buyon birorta ham tadqiqot joylashtirilmagan.