Malik Avazov “Anorbank” Boshqaruv raisi oʻrinbosari etib tayinlandi
Bank Kuzatuv kengashi qaroriga koʻra, Ipak Yuli Bank sobiq rais oʻrinbosari Malik Avazov Anorbank Boshqaruv raisining oʻrinbosari etib tayinlandi. Shuningdek bankning Boshqaruvchi direktori Akmal Bakiyev ham boshqaruv aʼzosi boʻldi. Tayinlovlar Markaziy bank bilan kelishilgach kuchga kiradi.

11 mart kuni “Anor Bank” AJ Kuzatuv kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda bank boshqaruvi tarkibini yangilash va yangi aʼzolarni tayinlash masalasi koʻrib chiqildi.
Majlis qaroriga koʻra, Avazov Malik Abduaxatovich “Anorbank” Boshqaruv raisining oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. U mazkur lavozimga tayinlanishi bilan birga bank boshqaruvi aʼzosi ham hisoblanadi.

Malik Avazov bunga qadar Ipak Yuli Bank Boshqaruv raisining oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. 4 mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilish qaroriga koʻra, u ushbu lavozimdan ozod etilgan. Avazov mazkur lavozimda 2019 yildan buyon ishlab kelayotgandi.
Shuningdek, bankning amaldagi Boshqaruvchi direktori Bakiyev Akmal Akramovich ham “Anorbank” boshqaruvi aʼzosi etib tayinlandi.

Mazkur tayinlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgach, rasman kuchga kiradi.
Avvalroq “Anorbank” boshqaruv aʼzolari soni 7 nafardan 9 nafargacha yetkazish haqida qaror qabul qilingan edi. Yangi tayinlovlar aynan mazkur qaror bilan bogʻliq.









