Kumush narxi 1980 yildan beri eng yuqori darajaga chiqdi
Nyu-York birjasida kumush fyucherslari 7 foizga oshib, bir troya unsiyasi uchun 52,63 dollarga yetdi. Kumush narxlari joriy yil boshidan beri qariyb 75 foizga oshgani kuzatilmoqda. Bunga xavfsiz sarmoya izlayotgan investorlar, sanoatdagi kuchli talab va davom etayotgan taklif tanqisligi sabab boʻldi.

Nyu-York birjasida kumush fyucherslari 7 foizga oshib, bir troya unsiyasi uchun qariyb 52,63 dollarga yetdi. Bu 1980 yilda oʻrnatilgan avvalgi rekorddan ham yuqori natija boʻldi.
Kumush narxlari bu yil hisobidan qariyb 75 foizga yuqoriladi. Bunga xavfsiz sarmoya izlayotgan investorlar, sanoatdagi kuchli talab va davom etayotgan taklif tanqisligi sabab boʻldi.
Shuningdek, kumushning spot narxi, yaʼni real vaqt rejimidagi qiymati ham bir unsiya uchun 52 dollardan oshdi. Spot kumush 9-oktabr kuni 1980 yildan beri ilk bor 50 dollarlik chegarani bosib oʻtganidan soʻng oʻsishda davom etmoqda. xabar tayyorlanayotgan paytda bir unsiya kumush 51,53 dollardan savdo qilinmoqda.
Nega kumush narxlari koʻtarilmoqda?
Bu yil investorlar geosiyosiy beqarorlik va iqtisodiy noaniqlik sharoitida oltin va kumush kabi qattiq aktivlarga murojaat qilmoqda. Tariflar, inflyatsiya, Federal rezerv mustaqilligi va davlat qarzlari bilan bogʻliq xavotirlar bunga turtki boʻldi.
Kumush narxlarining oshishiga oltinning rekord darajadagi oʻsishi ham taʼsir qilmoqda. Kumush odatda oltinning nisbatan arzonroq, ammo xavfsiz alternativasi sifatida qaraladi. Oltinning oʻzi esa yaqinda 14 oktabr kuni bir unsiya uchun 4 170 dollardan oshib, tarixiy rekord oʻrnatdi.
Narxlarning koʻtarilishiga faqat investorlar emas, balki sanoat talabi ham sabab boʻlmoqda. Kumush maʼlumot markazlari, quyosh panellari va smartfonlar ishlab chiqarishda ham keng qoʻllaniladi.
Shuningdek, taklifdagi muammolar ham narxlarning yuqoriligini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Zaner Metals kompaniyasi vakili Piter Grantning soʻzlariga koʻra, kumush bozori ketma-ket besh yildirki, “rivojlanmayotgan qazib olish hajmlari” sababli talabdan orqada qolmoqda.
Oʻtgan ikki yil ichida oltin narxlari ham sezilarli darajada oshdi. Bunga investorlarning xavfsiz sarmoyaga oʻtishi va markaziy banklarning dollardan uzoqlashib, oltin zaxiralarini koʻpaytirishi sabab boʻldi.
Bu “xavfsiz aktivlar”ga boʻlgan qiziqish bu yil platina va kumushga ham tarqaldi. Kumush va platina mos ravishda 75 va 80 foizga oshib, 50 foizdan ortiqroq koʻtarilgan oltindan ham yuqori natija qayd etdi.
Avvalroq Oʻzbekistonda oltin quymalari narxi rekord oʻrnatgani xabar qilingan edi.
14 oktabr holatiga koʻra, 5 grammli oltin quymasining narxi ilk marotaba 8,3 mln soʻmdan oshdi.