Kapitalbank va Hayot Bank sobiq rahbarlari mikromoliya sektoriga kirdi
Markaziy bank mikromoliya tashkilotlari reyestriga “Olmos Finance”, “Oson Moliya” va “Prime Sarmoya” MChJlarni kiritdi. Yangi tashkilotlar ulushdorlari orasida avval Kapitalbank va Anorbankda rahbarlik lavozimlarida ishlagan shaxslar, shuningdek Hayot Bank sobiq boshqaruv raisi ham bor.

Markaziy bank mikromoliya tashkilotlari reyestriga uchta yangi kompaniyani kiritdi. Eʼtiborlisi, ushbu subʼektlar egalari orasida bank sektorida faoliyat yuritgan sobiq rahbarlar ham bor.
Regulyator qaroriga muvofiq, “OLMOS FINANCE”, “OSON MOLIYA” va “PRIME SARMOYA” MChJlar mikromoliya tashkiloti sifatida faoliyat yuritish huquqini oldi.
“Olmos Finance” MChJ
Kompaniya 2025 yil 13 noyabrda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ustav fondi 2,1 mlrd soʻmni tashkil etadi — bu amaldagi qonunchilikda belgilangan minimal talabdan 100 mln soʻmga koʻp.
Ustav kapitalining 50 foizi Karimbayev Sherzod Kobilovichga, qolgan 50 foizi esa Alimov Zoxid Zakirjonovichga tegishli.

Sherzod Karimbayev 2019 yil iyuniga qadar Oʻzbekistondagi yirik tijorat banklaridan biri — Kapitalbankka rahbarlik qilgan.
2020 yilda Anorbank uchun litsenziya olish jarayonida faol ishtirok etgan va oʻsha yil sentabr oyida bank kuzatuv kengashi raisi etib tayinlangan. 2025 yil oktabr oyida esa u Anorbank kuzatuv kengashi aʼzoligidan ozod etilgan.
Zoxid Alimov 2023 yilda tashkil etilgan Hayot Bankning ilk boshqaruv raisi boʻlgan. Ochiq manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, Hayot Bankning 100 foiz ulushi Botir Raximovga tegishli boʻlgan.

Alimov 2020–2022 yillarda Anorbank boshqaruvi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2006–2019 yillarda esa Kapitalbank tizimida turli lavozimlarda, jumladan, boshqaruv raisi maslahatchisi va amaliyot boʻlimi boshligʻi sifatida faoliyat yuritgan.
“Oson Moliya” MChJ
Mazkur tashkilot 2025 yil 12 dekabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ustav kapitali 2,1 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Ulushlar quyidagicha taqsimlangan:
- Yakubova Gulnoza Rustamovna — 50 %
- Alimxodjaeva Djoriya Latifovna — 25 %
- Urjenseva Galina Konstantinovna — 25 %
“Prime Sarmoya” MChJ
Kompaniya 2025 yil 22 iyunda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ustav kapitali qariyb 2,1 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Jamiyatning yagona taʼsischisi — “Mindsetters” MChJ. Ushbu kompaniya ulushlari 81,34 foiz Pak Konstantinga, 18,66 foizi esa Gulbahor Bahromovaga tegishli.
Maʼlumotlarga koʻra, Gulbahor Bahromova Ipoteka Bank aksiyadorlaridan biri hisoblanadi.









