12 129.010 so‘m

increase

37.790

13 968.980 so‘m

increase

124.530

147.990 so‘m

decrease

-1.170

12 129.010 so‘m

increase

37.790

5 soat avval
Bank
41

Eskrou tizimi orqali uy yoki mashina oldi-sotdisida bank komissiyasi qancha boʻladi?

Markaziy bank ushbu xizmat uchun bank komissiyasi koʻchmas mulk boʻyicha 206 ming soʻmgacha, avtomobillar boʻyicha esa 103 ming soʻmgacha boʻlishini maʼlum qildi. Mazkur tartib faqat 9 ta davlat ulushi mavjud banklar uchun amal qiladi, boshqa tijorat banklarida esa komissiya miqdori bankning ichki tarif siyosatidan kelib chiqib belgilanadi.

Eskrou tizimi orqali uy yoki mashina oldi-sotdisida bank komissiyasi qancha boʻladi?
Foto: AI/Pinkod.uz

2026 yil 1 apreldan boshlab uy-joy va ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshgan avtomobillarni naqd pulga sotib olish mumkin boʻlmaydi.

Bunday oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblar notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumot almashuvi orqali tekshirilishi maʼlum qilingan edi.

Bunda xaridor bitim tasdiqlanguniga qadar kelishilgan mablagʻni bankdagi eskrou hisobvaragʻiga kiritishi kerak boʻladi. Mazkur amaliyotda bank komissiyasi undiriladi. Markaziy bank ushbu xizmatlar uchun komissiya miqdorini maʼlum qildi:

  • Koʻchmas mulk boʻyicha komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi (yaʼni 206 ming soʻmgacha).
  • Avtotransport vositalari boʻyicha komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmaydi (yaʼni 103 ming soʻmgacha).

Agar xaridor va sotuvchining hisobvaraqlari bitta bankda boʻlsa, xizmat haqi bir marta undiriladi. Agar ular turli banklarda boʻlsa, komissiya miqdori banklar oʻrtasida teng taqsimlanadi, yaʼni har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.

Shu bilan birga, agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvaragʻidagi mablagʻ xaridorga qaytariladi.

Markaziy bank ushbu maksimal komissiyalar faqat davlat ulushi mavjud boʻlgan 9 ta bankda amal qilishini eslatib oʻtdi. Ushbu banklar xizmatni belgilangan tariflar asosida koʻrsatadi. Boshqa tijorat banklarida esa komissiya miqdori bankning ichki tarif siyosatiga muvofiq belgilanadi.

Eskrou tartibi

Hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi;
  • Shartnoma boʻyicha kelishilgan pul mablagʻlari bank tomonidan naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvaragʻiga kirim qilinadi;
  • Agar shartnoma toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan tuzilsa, eskrou hisobvaragʻiga taraflar kelishgan boshlangʻich mablagʻ kiritiladi;
  • Shartnoma toʻliq yoki qisman kredit hisobidan amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank notariusga elektron maʼlumot yuboradi;
  • Xaridor yoki uning vakilining bank kartasi, talab qilib olinguncha hisobvaragʻi yoki elektron hamyoni eskrou hisobvaragʻi sifatida qoʻllanilishi mumkin;
  • Taraflar shartnomani rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;
  • Notarius eskrou hisobvaragʻida mablagʻ mavjudligini elektron tarzda tekshirib, shartnomani tasdiqlaydi.

Shundan soʻng eskrou hisobvaragʻidagi mablagʻlar sotuvchi yoki uning vakili hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ularning soʻroviga koʻra mablagʻlar naqd shaklda ham taqdim etilishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+