Dollar rasmiy kursi yangi minimumga tushdi
29 sentabrdan amalda boʻladigan AQSh dollarining rasmiy kursi 61,04 soʻmga pasayib, 12 138,67 soʻmni tashkil etdi.
Oxirgi marotaba shunday darajadagi pasayish 2023 yil 8 sentabrda, yaʼni ikki yil avval kuzatilgan edi.
Umuman olganda, soʻm kursi bir oy ichida 342 soʻmga, yil boshidan esa 766,24 soʻmga mustahkamlandi.

Oʻzbekistonda dollar kursining sezilarli pasayishi davom etmoqda.
Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, 29 sentabrdan amalda boʻladigan AQSh dollarining rasmiy kursi 61,04 soʻmga pasayib, 12 138,67 soʻmni tashkil etdi. Bu milliy valyutaning soʻnggi yillarda eng katta mustahkamlanishlaridan biri boʻldi.
Oxirgi marotaba shunday darajadagi pasayish 2023 yil 8 sentabrda, yaʼni ikki yil avval kuzatilgan edi. Shuningdek, dollar oʻzining eng yuqori qayd etilgan qiymatidan (13 003,95 soʻm) sezilarli darajada — 865 soʻmga arzonladi.
Umuman olganda, soʻm kursi bir oy ichida 342,03 soʻmga, yil boshidan esa 766,24 soʻmga mustahkamlandi.
Kurs nega pasaymoqda?
Dollar kursining pasayishiga global jihatdan AQSh Federal rezerv tizimi tomonidan asosiy stavkaning soʻnggi 9 oy ichida ilk bor tushirilishi, shuningdek kelajakda yana ikki marta pasaytirilish haqidagi kutilmalar taʼsir qilmoqda.
Biroq soʻmning mustahkamlanishiga taʼsir etuvchi asosiy omillar ichki va tashqi sharoitlar bilan bogʻliq. Jumladan, 2025 yilning dastlabki 8 oyida Oʻzbekiston $8,4 mlrdlik oltin eksportini amalga oshirdi. Bu koʻrsatkich oldingi yillardagi yillik natijalardan ham yuqori.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonga transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi ham ortishda davom etmoqda. Joriy yilning oʻzida bu koʻrsatkich $12,1 mlrdni tashkil qildi.
Maʼlumot uchun, Kap Depo investitsiya kompaniyasi oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 soʻm atrofida shakllanishi, yil yakunida esa 12 510-12 620 soʻm diapazonida boʻlishini kutmoqda.