Dollar kursi ketma-ket yettinchi kun koʻtarildi
Markaziy bank eʼlon qilgan yangi kursga koʻra, dollar soʻmga nisbatan ketma-ket yettinchi kun qimmatlab, 12 258 soʻmga yetdi.

Markaziy bank 4 fevraldan kuchga kiradigan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan yangi rasmiy kurslarini eʼlon qildi.
Unga koʻra, AQSh dollari 16,21 soʻmga qimmatlab, 1 dollar uchun 12 258 soʻmni tashkil etdi. Shu tariqa, dollar rasmiy kursi ketma-ket yettinchi kun oʻsishni davom ettirmoqda. Ushbu davr ichida AQSh valyutasi soʻmga nisbatan jami 173 soʻmga qimmatladi.
Shuni taʼkidlash joizki, oʻtgan yilda ham dollar kursi yilni keskin koʻtarilish bilan boshlagan edi. Fevral oyining oʻrtalariga kelib kurs eng yuqori darajaga — 13 004 soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston tarixida dollarning eng yuqori rasmiy kursi sifatida qayd etilgan.
Keyingi oylar davomida esa soʻmning mustahkamlanishi kuzatildi. Yil yakuniga kelib dollar kursi 12 025,33 soʻmgacha pasaydi. Shu tariqa, 2025 yil davomida soʻm dollarga nisbatan 879,6 soʻmga yoki 6,8 foizga mustahkamlandi. Eng past kurs esa yil davomida 11 880 soʻm atrofida qayd etilgan.
Dollar kursi boʻyicha qanday prognozlar bor?
Valyuta kursini aniq bashorat qilish deyarli imkonsiz. Masalan, S&P Global avvalroq dollar kursi 13 566 soʻmgacha koʻtarilishini prognoz qilgan edi, biroq amalda kurs yil oxiriga kelib 12 ming soʻm atrofida shakllandi.
Shunga qaramay, ayrim institutlar oʻz prognozlarini eʼlon qilgan. Jumladan, 2026 yilgi davlat byudjetida dollar kursi oʻrtacha 12 350 soʻm darajasida boʻlishi kutilmoqda.
S&P Global’ning yangilangan prognoziga koʻra, 2026 yil yakuniga kelib dollar kursi 12 592 soʻmni tashkil etishi mumkin.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ham kurs boʻyicha baholarini taqdim etgan:
2026 yil oxiri — 12 800 soʻm
2027 yil oxiri — 14 100 soʻm
2028 yil oxiri — 15 100 soʻm









