CLICK 2024 yilda 295 mlrd soʻm sof foyda koʻrdi
Bu koʻrsatkich mamlakatdagi banklarning qariyb 70 foizi qayd etgan sof foydadan yuqoridir.

CLICK toʻlov tizimi 2024 yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotini eʼlon qildi. Unga koʻra, kompaniya oʻtgan yilni 295,1 milliard soʻmlik sof foyda bilan yakunlagan. Bu natija 2023 yildagi 205,2 milliard soʻmlik foydaga nisbatan 43,8 foizga koʻpdir.
CLICK’ning yillik foydasi mamlakatdagi banklarning 69,4 foizining (25 ta) foydasidan yuqoriroq. 2024 yil davomida banklar qancha sof foyda olgani bilan bu yerda tanishish mumkin.
Shuningdek, kompaniyaning umumiy tushumi ham keskin oshgan — 2024 yilda koʻrsatkich 42,8 foizga oʻsib, 516,4 milliard soʻmga yetgan. CLICK’ning jami kapital va majburiyatlari esa 433,5 milliard soʻmni tashkil etib, bir yil ichida 65,7 foizga koʻpaygan.
Hisobotda taʼkidlanishicha, kompaniya 2024 yilda 837,1 million soʻm miqdorida daromad soligʻi toʻlagan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Pinkod UZCARD qariyb 1 trillion soʻmlik sof foyda bilan yilni yakunlagani maʼlum boʻlgan edi. Mazkur davrda faqat toʻrtta bank UZCARD’dan koʻproq foyda koʻrgan.