Bitcoin narxi tarixda ilk bor 120 000 dollardan oshdi
Bitcoin narxi ilk bor 122 000 dollardan oshdi. Tahlilchilar fikricha, 2025 yil oxiriga borib kriptovalyuta 150–180 ming dollar oraligʻiga yetishi mumkin. Yil boshida bu borada Pinkod tomonidan prognoz maqola ham eʼlon qilingan edi.

14 iyul kuni Bitcoin narxi tarixda ilk bor 122 000 dollardan yuqoriga chiqdi. CoinGecko maʼlumotlariga koʻra, ushbu kriptoaktiv hozirda 122 600 atrofida savdolanyapti va oʻsish davom etmoqda.

Soʻnggi davrda Bitcoin narxining keskin oshishi investorlar, tahlilchilar va kriptovalyuta ixlosmandlari orasida katta qiziqish uygʻotmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, BTC narxi soʻnggi bir kun ichida 3,9 foizga, bir hafta ichida 12,4 foizga, soʻnggi uch oyda esa qariyb 43 foizga oshgan.
Tahlilchilarning fikricha, ushbu keskin oʻsishning asosiy sababi — global geosiyosiy taranglikning nisbatan yumshaganidir. Urush va siyosiy noaniqliklar ortidan bozorlarda barqarorlik belgilari paydo boʻlishi bilan investorlar riskliroq, ammo yuqori daromad keltiruvchi aktivlar tomon, jumladan, kriptovalyutalarga yuzlanadi.
Yil boshida Pinkod tomonidan eʼlon qilingan maqolada Bitcoin narxi boʻyicha 2025 yil uchun taxminlar bayon qilingan edi.
Unda qayd etilishicha, yil oxirigacha BTC narxi 150 mingdan 180 ming dollargacha yetishi mumkin. Ayrim tahlilchilar esa narx 200 000 dollargacha yetishini ham istisno qilmayapti. Material bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
Bitcoin’ning 2025 yilgi narxi haqida tahlilchilar qanday prognozlarni ilgari surmoqda?
Avvalroq, 2025 yilning ilk olti oyida $2,1 mlrdlik kriptovalyuta oʻgʻirlangani xabar qilingan edi. TRM Labs hisobotiga koʻra, bu hujumlarning taxminan 70 foizi Shimoliy Koreya bilan bogʻliq xakerlar tomonidan amalga oshirilgan.