Bitcoin narxi fevral oyidan beri ilk marotaba $97 000 dan oshdi
Tahlilchilar bu oʻsishni yirik kompaniyalarning Bitcoin xaridlari va bozorga kirib kelayotgan kapital oqimi bilan bogʻlashmoqda.
Ularga koʻra, kripto-aktiv narxi tez orada $100 000 dan oshishi mumkin.

Bitcoin narxi may oyi boshida $97 000 dan oshib oʻtdi. Bu aprel oyida qayd etilgan $75 000 lik pastki nuqtadan 29% tiklanishni va fevral oyidagi keskin tushishdan keyin eng kuchli natijani anglatadi.
Tahlilchilar bu oʻsishni yirik kompaniyalarning Bitcoin xaridlari va bozorga kirib kelayotgan kapital oqimi bilan bogʻlashmoqda. Xususan, Strategy va Metaplanet kabi kompaniyalar Bitcoin sotib olishni davom ettirmoqda. Strategy kompaniyasi bir haftada $1,4 mlrdlik Bitcoin xarid qilgan boʻlsa, Yaponiyaning Metaplanet kompaniyasi $481 mlnlik Bitcoin jamgʻargan.
Fevral oyida Donald Trampning agressiv savdo siyosatlari Bitcoin narxining pasayishiga sabab boʻlgan edi. Endi esa Bitcoin fevraldagi $78 900 va apreldagi $75 000 lik minimal darajalardan sezilarli darajada tiklandi.
Tiger Research kompaniyasining bosh tahlilchisi Rayan Yunning taʼkidlashicha, Bitcoin narxining oshishi qisqa muddatli tebranish emas, balki uzoq muddatli oʻsish tendensiyasining belgisi hisoblanadi. Uning fikricha, Bitcoin endilikda spekulyativ aktiv emas, balki institutsional investorlar portfelining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Funkybit kompaniyasi asoschisi Endryu Lourensning taʼkidlashicha, Bitcoin endi boshqa xavfli investitsiya turlaridan ajralib, boylikni saqlab qolish uchun ishonchli vosita sifatida qaralayotgani kuzatilmoqda. Unga koʻra, dunyoda pul siyosatidagi noaniqliklar fonida Bitcoin narxi yanada oʻsishi mumkin.
.jpeg)
Xabar tayyorlanayotgan paytda Bitcoin $96 360 atrofida savdo qilinmoqda.