Bill Geyts oʻqishni tavsiya qilgan 5 ta kitob
Pinkod’ning bu galgi kitob tavsiyalari ruknida Bill Geyts tomonidan yuksak baholangan va chuqur mazmuni bilan ajralib turadigan beshta asar haqida maʼlumot beriladi.

Texnologiya va xayriya sohalarida dunyo miqyosidagi yetakchi shaxslardan biri boʻlgan Bill Geyts har yili oʻzi oʻqib, eng katta taassurot qoldirgan kitoblar roʻyxatini jamoatchilik bilan boʻlishadi.
Pinkod’ning bu galgi kitob tavsiyalari ruknida Geyts tomonidan yuksak baholangan va chuqur mazmuni bilan ajralib turadigan beshta asar haqida maʼlumot beriladi.
How the World Really Works (Dunyo aslida qanday ishlaydi?) – Vatslav Smil
Bu asarda energetika, oziq-ovqat taʼminoti, ishlab chiqarish va global tizimlar haqida ilmiy va statistik asoslangan tahlillar berilgan. Vatslav Smil insoniyat taraqqiyotiga taʼsir qilayotgan asosiy kuchlarni oddiy, ammo chuqur tilda tushuntiradi. Bill Geyts bu kitobni “inson hayotini shakllantiruvchi kuchlar haqida qisqa, lekin chuqur saboqlar beruvchi manba” deb taʼriflaydi.
Why We're Polarized (Nega biz qutblashyapmiz?) – Ezra Klayn

Siyosiy tizimdagi chuqur ajralishlar va ular inson identifikatsiyasi bilan qanday bogʻliqligi haqida puxta tahlil. Kitob bugungi jamiyatdagi boʻlinishlar sababini faqat siyosiy emas, balki psixologik, ijtimoiy va madaniy omillar bilan izohlaydi. Geyts uni “inson psixologiyasiga oid hayratlanarli tahlil” deb baholagan.
Business Adventures (Biznes sarguzashtlari) – Jon Bruks

Moliyaviy dunyodagi 12 ta muhim voqea asosida yozilgan ushbu kitob Bill Geytsning eng sevimli biznes asari sanaladi. General Electric, Xerox, Ford Motor kabi yirik kompaniyalar tarixidagi yutuq va inqirozlar orqali muallif biznes qarorlarining uzoq muddatli oqibatlarini yoritadi. Kitob nafaqat tadbirkorlar, balki boshqaruvni chuqur tushunmoqchi boʻlgan har bir oʻquvchi uchun foydali.
Factfulness – Hans Rosling

Muallif global statistik maʼlumotlar asosida odamlarning dunyo haqidagi notoʻgʻri tasavvurlarini fosh etadi. Kitobda odamlar real holatni baholashda yoʻl qoʻyadigan 10 ta asosiy fikrlash xatoligi tahlil qilinadi. Bill Geyts bu asarni “eng foydali va oʻqituvchi kitoblardan biri” deb hisoblaydi. Ayniqsa jurnalistlar, siyosatchilar va oʻqituvchilar uchun tavsiya etiladi.
The Coming Wave (Kelajak toʻlqini) – Mustafo Suleymon

DeepMind va Microsoft AI asoschilaridan biri boʻlgan Mustafo Suleymon bu kitobda sunʼiy intellekt, sintetik biologiya, genom tahriri kabi ilgʻor texnologiyalarning insoniyat kelajagiga taʼsirini yoritadi. Muallif bu texnologiyalar imkoniyatlarini, shu bilan birga, ular bilan bogʻliq xavf-xatarlarni ham real misollar orqali tahlil qiladi.
Mavzuga doir: Bill Geytsdan sunʼiy intellekt haqida barcha oʻqishi zarur boʻlgan kitob tavsiyasi.
Geyts bu asarni sunʼiy intellekt haqida chuqur tushuncha hosil qilishni istaganlar uchun eng yaxshi tanlov deb ataydi.