Apex Moliya ilk islomiy mikromoliya bankiga aylanishni rejalashtirmoqda
Apex Moliya aksiyadorlari tashkilotni islomiy mikromoliya bankiga aylantirishga qaror qildi. Kompaniya buning uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsat va litsenziya olishi, ustav kapitalini esa 50 mlrd soʻmga yetkazishi kerak. Jarayon yakunlansa, u Oʻzbekistondagi ilk

Apex Moliya aksiyadorlari tashkilotni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga aylantirishga qaror qildi.
Buning uchun kompaniya Markaziy bankdan dastlabki ruxsat olishi kerak. Jarayon yakunlansa, Oʻzbekistonda ilk islomiy mikromoliya banki paydo boʻlishi mumkin.
Apex Moliya aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi 2026 yil 14 iyulda oʻtkazilgan. Unda tashkilot faoliyatini islomiy mikromoliya bankiga oʻzgartirish taklifi yigʻilishda qatnashgan aksiyadorlarning ovozi bilan bir ovozdan maʼqullangan.
Yigʻilishda yangi bankning ustavi, biznes-rejasi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan. Bundan tashqari, kuzatuv kengashi, besh kishidan iborat boshqaruv hamda islomiy moliya kengashi tarkibi shakllantirilgan.
Islomiy moliya kengashiga Qirgʻizistondagi “Alhamd Eurasia Sharia Advisory Services” kompaniyasi direktori Akjigit Kokoyev rais etib belgilangan. Kengash tarkibiga Oʻzbekiston musulmonlari idorasining ikki mutaxassisi ham kiritilgan.
Endi Apex Moliya Markaziy bankka islomiy mikromoliya bankini tashkil etish uchun dastlabki ruxsatnoma olish boʻyicha murojaat qilishi kerak. Ruxsat olinganidan keyin tashkilot ustav kapitalini qoʻshimcha aksiyalar chiqarish orqali 50 mlrd soʻmga yetkazishni rejalashtirgan.
Biroq aksiyadorlarning qarori tashkilot bankka aylanganini anglatmaydi. Markaziy bank maʼlumotlarida Apex Moliya hozircha 108-sonli litsenziyaga ega mikromoliya tashkiloti sifatida qayd etilgan.
Apex Moliya ayni paytda Oʻzbekistondagi islomiy mikromoliyalashtirish bozorining eng yirik ishtirokchisi hisoblanadi.
Tashkilot 2026 yilning birinchi choragida 8,4 mlrd soʻmlik islomiy moliyalashtirish xizmatlarini koʻrsatgan. Bu mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan jami 11,2 mlrd soʻmlik xizmatlarning 75 foiziga teng.
Islomiy mikromoliya banklarini tashkil etish uchun huquqiy asos 2026 yilda yaratildi. 29 iyundan kuchga kirgan qonunga koʻra, mikromoliya tashkiloti bunday bankka aylanishi uchun aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi hamda islomiy moliya standartlariga mos kelmaydigan aktiv va majburiyatlardan voz kechishi kerak.
Shuningdek, Markaziy bankning 17 iyuldagi qarori bilan “Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari toʻgʻrisida”gi nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar islomiy mikromoliya bankini tashkil etish, unga dastlabki ruxsat berish va litsenziyalash tartibini belgilab berdi.
Markaziy bankning amaldagi banklar roʻyxatida “Tayanch mikromoliya banki” mavjud, biroq islomiy mikromoliya banki qayd etilmagan. Shu sababli Apex Moliya tegishli ruxsat va litsenziyalarni olsa, ushbu maqomdagi birinchi bank boʻlishi mumkin.









