Oʻzbekistonda islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 8 barobarga oshdi
2026 yilning I choragida mikromoliya tashkilotlari tomonidan 11,2 mlrd soʻmlik islomiy moliyalashtirish xizmatlari koʻrsatildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,8 mlrd soʻmga yoki 8 barobarga koʻp.

Markaziy bank 2026 yil I choragi yakunlari boʻyicha mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari sharhini eʼlon qildi. Unga koʻra, yanvar–mart oylarida ushbu yoʻnalishdagi xizmatlar hajmi sezilarli oshgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirish xizmatlarini koʻrsatish huquqi berilgan. Xususan, “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom asosida ular besh turdagi mahsulot — islomiy ijara, murobaha, salam, muzoraba va mushoraka boʻyicha moliyalashtirishni amalga oshirishi mumkin.
2026 yilning yanvar–mart oylarida jami 4 ta mikromoliya tashkiloti islomiy moliyalashtirish xizmatlarini koʻrsatgan. Xizmatlarning asosiy qismi murobaha mahsuloti hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu yoʻnalishda 7,7 mlrd soʻmlik shartnomalar tuzilgan boʻlib, bu jami hajmning 69 foizini tashkil etadi.
Muzoraba xizmatlari hajmi 2,1 mlrd soʻmga yetib, umumiy koʻrsatkichdagi ulushi 19 foizni tashkil qilgan. Islomiy ijara boʻyicha esa 1,4 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatilgan. Bu jami hajmning 12 foiziga teng.
Tashkilotlar kesimida eng katta hajm “Apex Moliya” mikromoliya tashkiloti hissasiga toʻgʻri kelgan. Mazkur tashkilot 7 mlrd soʻmlik murobaha hamda 1,4 mlrd soʻmlik islomiy ijara xizmatlarini koʻrsatgan.
Shuningdek, “Ayol” MMT tomonidan 2,2 mlrd soʻmlik muzoraba, “Enterprise Finance” MMT tomonidan 670 mln soʻmlik, “Biznesni rivojlantirish” tashkiloti tomonidan esa 9 mln soʻmlik murobaha shartnomalari amalga oshirilgan.
Mijozlar kesimida xizmatlarning eng katta qismi yuridik shaxslarga toʻgʻri kelgan. Ular boʻyicha 5,2 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatilgan boʻlib, bu jami hajmning 46 foizini tashkil etadi.
Jismoniy shaxslarga 2,9 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatilgan. Ularning ulushi 26 foiz boʻlgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻyicha esa xizmatlar hajmi 3,1 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu jami koʻrsatkichning 28 foiziga teng.
Hududlar kesimida islomiy moliyalashtirish xizmatlari deyarli toʻliq Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelgan. Poytaxtda faoliyat yuritayotgan 3 ta mikromoliya tashkiloti tomonidan 10,6 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatilgan. Bu umumiy hajmning 94 foizini tashkil qiladi.
Namangan viloyatidagi 1 ta mikromoliya tashkiloti esa 670 mln soʻmlik xizmat koʻrsatgan. Hududning umumiy hajmdagi ulushi 6 foiz boʻlgan.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil I choragida islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmidagi oʻsish, asosan, murobaha va islomiy ijara mahsulotlari kengayishi hisobiga yuz bergan. Xususan, murobaha boʻyicha hajm 20 barobar, islomiy ijara boʻyicha esa 300 barobar oshgan. Muzoraba xizmati esa 2025 yil sentabr oyidan boshlab yoʻlga qoʻyilgan.









