12 109.020 so‘m

increase

75.740

14 139.700 so‘m

increase

78.810

150.310 so‘m

increase

1.010

12 109.020 so‘m

increase

75.740

1 kun avval
Bozor
214

Amerikalik investor AQSh va Rossiyadagi aktivlarini sotib, Oʻzbekiston fond bozoriga investitsiya kiritdi

Afsonaviy investor Jim Rojers 2025 yil oxiriga borib portfelini tubdan qayta koʻrib chiqdi. U AQSh va Rossiyadagi barcha aktivlarini sotib, Oʻzbekiston kompaniyalari aksiyalarini sotib oldi. Investor bu qarorini global bozorlardagi siklik xatarlar va yangi oʻsish nuqtalarini izlash bilan izohladi.

Amerikalik investor AQSh va Rossiyadagi aktivlarini sotib, Oʻzbekiston fond bozoriga investitsiya kiritdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Mashhur amerikalik investor, Rogers Holdings egasi Jim Rojers RBC’ga bergan yangi yil oldi intervyusida muhim investitsion qarorini maʼlum qildi. Uning aytishicha, u 2025 yil oxiriga kelib AQSh va Rossiyadagi barcha aksiyalarini sotgan va oʻz portfeliga Oʻzbekiston fond bozorida savdo qilinayotgan kompaniyalar aksiyalarini qoʻshgan.

83 yoshli investor Rossiya bozoriga 2010 yillarda kirgan boʻlib, “AFK Sistema»”, “Aeroflot”, Moskva birjasi, “FosAgro” aksiyalari hamda federal qarz obligatsiyalariga egalik qilgan. Biroq 2025 yilning oktabr–noyabr oylarida u Rossiyadagi barcha aktivlarini sotganini tasdiqladi. Shu bilan birga, Rojers Rossiya bozoriga boʻlgan ishonchini yoʻqotmaganini, kelajakda yana qaytib investitsiya kiritishi mumkinligini taʼkidladi. Hozirda uning rubldagi mablagʻlari Moskva birjasida saqlanmoqda.

AQSh bozoriga keladigan boʻlsak, Rojers u yerdagi aksiyalarni sotishiga asosiy sabab sifatida uzoq davom etgan oʻsish siklining yakunlanishiga yaqinlashayotganini koʻrsatdi. Uning fikricha, sunʼiy intellekt atrofidagi shov-shuv fonida bozorda pufak shakllanishi ehtimoli kuchaygan. Jim Rojers hozircha AQSh bozorida narxlar tushishiga pul tikmayapti, yaʼni aksiyalarni shortlamayapti. Investor shunchaki Amerika aksiyalarini sotib, bozorga qaytish uchun qulayroq vaqtni kutish maqsadida mablagʻlarini asosan naqd dollarda saqlamoqda.

Oʻzbekiston bozoriga kirish

Eng eʼtiborli jihatlardan biri Rojersning Oʻzbekiston fond bozoriga kirishi boʻldi. Uning soʻzlariga koʻra, u Toshkent fond birjasida savdo qilinadigan aksiyalarning aksariyatini sotib olgan. Investor portfelida faqat oʻzbek kompaniyalari aksiyalari mavjud boʻlib, mamlakatning suveren obligatsiyalarini sotib olmagan. Shuningdek, u oʻzbek soʻmiga ishonishini va valyuta riskini xedjlamaganini (sugʻurta) ham alohida taʼkidladi. 

Maʼlumot uchun, 2025 yilda Oʻzbek soʻmi AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga mustahkamlandi.

Jim Rojers uzoq yillardan buyon Osiyo bozorlarini istiqbolli deb hisoblab keladi. U 2007 yilda oilasi bilan Singapurga koʻchib oʻtgan va kelajak iqtisodiy oʻsish markazi Osiyo boʻlishini bir necha bor taʼkidlagan. Oʻzbekiston fond bozoriga kiritilgan investitsiya ham ushbu qarashlarning mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+