Alibaba’ning yangi Qwen 2.5 sunʼiy intellektini ChatGPT’dan kuchlimi?
Kompaniya yangi model ChatGPT va DeepSeek’dan kuchli ekanligini daʼvo qilmoqda. Pinkod buni tekshirish uchun kichik tajriba oʻtkazdi.
Alibaba texnogiganti oʻzining ilgʻor sunʼiy intellekt modeli — Qwen 2.5’ni taqdim qildi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, ushbu model ChatGPT, Claude Sonnet, DeepSeek va Meta’ning Llama kabi yetakchi AI tizimlaridan samaradorlik jihatidan ustun turadi.
Qwen 2.5-Max versiyasi barcha asosiy yoʻnalishlarda ilgʻor sunʼiy intellekt modellaridan yaxshiroq ishlashi va kengaytirilgan imkoniyatlarga ega ekani aytilmoqda. Ushbu AI tizimi Xitoyning Oy yangi yili arafasida taqdim etildi va qisqa vaqt ichida katta eʼtibor qozondi. Foydalanuvchilar chat.qwenlm.ai orqali roʻyxatdan oʻtib, undan foydalanishi mumkin.
Qwen 2.5’ning asosiy afzalliklari
1. Yangilangan maʼlumotlar bazasi
Qwen 2.5 modeli 2024 yil oktabr oyigacha boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi, bu esa uni eng dolzarb AI tizimlaridan biriga aylantiradi.
- DeepSeek faqat 2024 yil iyuligacha boʻlgan maʼlumotlarga tayanadi.
- ChatGPT-4o esa 2023 yil oʻrtalaridagi maʼlumotlar bilan ishlaydi.
Bu farq Qwen 2.5’ning turli sohalardagi savollarga aniqroq va ishonchliroq javob berishiga imkon yaratadi.
2. Kengaytirilgan funksionallik
Qwen 2.5 foydalanuvchilarning ehtiyojlariga moslashgan turli AI modellarini taqdim etadi:
Qwen 2.5-Max – eng kuchli va tezkor versiya.
QVQ-72B-Preview – murakkab soʻrovlar boʻyicha chuqurroq tahlil qilish qobiliyatiga ega.
Boshqa modellar esa turli vazifalar uchun maxsus optimallashtirilgan.
3. Sunʼiy intellekt bilan multimedia yaratish
Qwen 2.5 nafaqat matn yaratish, balki rasm va sunʼiy intellekt yordamida videolar ishlab chiqish imkoniyatini ham taklif etadi.
ChatGPT va Qwen 2.5: qaysi biri kuchliroq?
Qwen 2.5’ning haqiqatdan ham ChatGPT va boshqa AI modellaridan ustun yoki yoʻqligini aniqlash uchun tajriba oʻtkazildi. Pinkod tomonidani ikkala sunʼiy intellektga ham AQSh va Xitoy oʻrtasidagi texnologik raqobat haqida tasvir berish soʻrovi berildi.
Natijalar quyidagicha:
- Matn sifatida – Qwen 2.5 aniq va puxta bayon qildi, biroq ChatGPT mavzuni yanada tabiiy uslubda tushuntirdi.
- Rasm sifati boʻyicha – ikkala AI ham yuqori sifatli tasvirlar yaratdi, bu borada Qwen va ChatGPT oʻrtasida katta farq sezilmadi. Shunga qaramasdan ChatGPT tomonidan yaratilgan rasm mavzuni kenngroq yoritib bera olgan
- Haqiqat va xolislik – ChatGPT muhokama mavzusiga yanada neytral yondashgan, Qwen esa ayrim nuqtalarda biroz noxolisroq boʻlishi mumkinligi kuzatildi.
Bundan tashqari, Qwen 2.5 Xitoy hukumatiga oid ayrim savollarni senzura qiladi. Garchi bu holat DeepSeek’ga nisbatan kamroq boʻlsa ham, ChatGPT bilan solishtirganda sezilarli farq qiladi. ChatGPT’da bunday cheklovlar kam uchraydi.
Shuningdek, Qwen 2.5 oʻzbek tilini tushunish boʻyicha raqobatchilaridan ancha ortda qoladi.
Shu bois Qwen 2.5’ni hozircha ChatGPT’ni toʻliq ortda qoldirdi deb aytish qiyin. Biroq yana bir necha rivojlanishlardan soʻng ChatGPTgegemonligi yakunlanishi mumkin.