ChatGPT’dan boshqa AI’ga oʻtmoqchimisiz? Mazkur ishlarni qilmasdan buni amalga oshirmang
OpenAI’ning AQSh Urush vazirligi bilan kelishuvi ortidan 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi ChatGPT’ni boykot qildi. Agar siz ham xavfsizlikni tanlab, Claude yoki boshqa AI’ga oʻtishni reja qilayotgan boʻlsangiz, yillab yigʻilgan shaxsiy “xotirangizni” yoʻqotmaslik uchun avval ushbu 3 qadamni bajaring.

Soʻnggi paytlarda sunʼiy intellekt olamida kutilmagan burilishlar yuz bermoqda.
OpenAI’ning AQSh Urush vazirligi bilan shartnoma imzolashi va AI modellarini maxfiy tarmoqlarda joriy qilishiga ruxsat berishi foydalanuvchilar oʻrtasida jiddiy noroziliklarga sabab boʻldi. Maxfiylik va maʼlumotlar xavfsizligidan xavotirga tushgan 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi ChatGPT’ni boykot qilib, asosiy raqobatchi Anthropic kompaniyasining Claude modeliga oʻtib ketdi.
Nega aynan Claude? Chunki Anthropic AQSh hukumatiga oʻz modellariga cheklovsiz kirish imkonini berishni qatʼiyan rad etdi. Maʼlumotlar maxfiyligi va huquqiy nuqtai nazardan olib qaraganda, bu ularning foydalanuvchi ishonchini qozonish yoʻlidagi juda kuchli yurishi boʻldi va natijada Claude dam olish kunlari App Store reytingida yetakchiga aylandi.
Agar siz ham ChatGPT’dan xavfsizlik yoki oxirgi vaqtlarda yaxshi ishlamayotgani uchun boshqa chatbotga oʻtmoqchi boʻlsangiz, avvalo quyidagi tavsiyalar bilan tanishib chiqing. Bu yangi chatbot bilan hammasi qolgan joyidan davom ettirishga yordam beradi.
1-qadam: Barcha maʼlumotlaringizni zaxiralang
Hisobni yopishdan oldin, oʻtgan barcha suhbatlar nusxasini olish juda muhim. Qachondir eski kodlar yoki qimmatli gʻoyalarga qaytishga toʻgʻri kelib qolishi mumkin. Buning uchun quyidagi qadamlarni amalga oshirish kerak:
- Veb-brauzerda ChatGPT’ni oching va pastki chap burchakdagi profilingiz belgisini bosing.
- Settings (Sozlamalar) boʻlimini tanlang.
- Data controls (Maʼlumotlarni boshqarish) menyusiga kiring.
- Export data qatoridagi Export tugmasini bosing va tasdiqlang.

Muhim eslatma: Arxiv tayyor boʻlishi uchun biroz vaqt ketadi va u pochtangizga havola shaklida keladi. Shuningdek, hisobni yoki chatlarni oʻchirib tashlaganda ham, OpenAI xavfsizlik va qonuniy majburiyatlar sababli baʼzi shaxssizlantirilgan maʼlumotlarni oʻz serverlarida 30 kungacha (yoki undan ham koʻproq) saqlab qolishi mumkin.
2-qadam: Xotirani prompt orqali koʻchirib olish
Anthropic yangi foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus “prompt” tayyorlagan. ChatGPT’ga quyidagi mazmundagi soʻrovni yuboring:
“Men boshqa xizmatga oʻtyapman. Men haqimda saqlagan barcha xotiralarni va oʻtmishdagi suhbatlardan oʻrgangan kontekstni roʻyxat qilib ber. Hamma narsani bitta kod bloki (code block) ichiga chiqar. Bunga mening yozish uslubim, shaxsiy maʼlumotlarim, doimiy ishlatadigan tillarim, maqsadlarim va xulq-atvoringga kiritgan tuzatishlarimni ham kirit. Hech narsani qisqartirma”.
Ushbu soʻrov orqali ChatGPT siz haqingizda yiqqan barcha kerakli detallarni bitta kod blokida taqdim etadi. (Baʼzi tajribali foydalanuvchilar bundan ham chuqurroq maʼlumot olish uchun uzunroq promptlardan foydalanishni tavsiya qilinadi).
3-qadam: Maʼlumotlarni tozalash va Claudeʼga (yoki yangi AI’ga) oʻtkazish
Olingan kod blokini darhol nusxalab yangi xizmatga tashlashga shoshilmang. Avval uni matn muharririda ochib, koʻzdan kechiring. Ehtimol, u yerda allaqachon yakunlangan eski loyihalar yoki hozir ahamiyatsiz boʻlgan maʼlumotlar bordir. Ularni tozalab tashlash zarar qilmaydi.
Tayyor boʻlgan va saralangan roʻyxatdan nusxa oling. Keyin Claude (yoki oʻzingiz tanlagan yangi AI) hisobingizga kiring va unga shunday yozing:
"Men haqimdagi ushbu maʼlumotlarni va ishlash uslubimni eslab qol, kelgusi barcha suhbatlarimizda shu kontekstdan kelib chiqib harakat qil: [shu yerga xotira roʻyxatini tashlang]".
Shu tariqa, yangi sunʼiy intellekt ham birinchi kundanoq sizni "eski qadrdonidek" tushunishni boshlaydi.









