AI texnologiyalari qanchalik samarali boʻlsa, undan foydalanish shunchalik oshadi
Xuddi zamonaviy chiroqlar isteʼmolni kamaytirish oʻrniga yorugʻlik ifloslanishiga olib kelgani kabi AI ham hayotning har bir jabhasiga kirib borishi mumkinmi?
Jevons paradoksiga koʻra, buning ehtimoli mavjud.

1865 yilda iqtisodchi Uilyam Stenli Jevons koʻmir samaradorligidagi oʻzgarishlar uning isteʼmolini kamaytirmasdan, aksincha, oshirishga olib kelishini bashorat qilgan edi. The Economist nashri bu holat sunʼiy intellekt bilan ham sodir boʻlishi mumkin ekanligini taʼkiladi.
Ushbu hodisa iqtisodda Jevons paradoksi nomi bilan tanilgan boʻlib, u resurslardan samaraliroq foydalanish, ularning umumiy talabini kamaytirish oʻrniga koʻproq oshirishini anglatadi. Bugungi kunda xuddi shu nazariya sunʼiy intellektga (AI) nisbatan qoʻllanilmoqda. Texnologik gigantlar, jumladan, Microsoft arzonroq va samarali AI modellarining ekspluatatsiya miqyosini oʻzgartirish ehtimolini oʻrganmoqda.
AI’dagi Jevons paradoksi: DeepSeek muammosi
Tasavvur qiling, AI samaradorligini oshirish uning isteʼmolini kamaytirmaydi, aksincha, misli koʻrilmagan talabni yuzaga keltiradi. Bu – Jevons paradoksining mohiyatidir. Yaqinda sodir boʻlgan voqea bu masalani yana kun tartibiga olib chiqdi.
Xitoyning DeepSeek nomli yangi chatboti Amerika kompaniyalarining mahsulotlariga kuchli raqib boʻlib, energiyani tejamli sarflash qobiliyati bilan ajralib turadi. Microsoft bosh direktori yaqinda joylagan tvitida DeepSeek rivoji ortidan Jevons paradoksiga murojaat qilib, AI texnologiyalari arzonlashib va ommalashib borgan sari data-markazlar, Nvidia chiplariga va hatto yadroviy energiyaga talab ortishini taʼkidladi. Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari tomonidan boshqa arzon AI’lar, yanada kuchli ekanligi aytilayotgan Qwen 2.5 chat boti va rasmlarni video holatiga keltiruvchi Omnihuman sunʼiy intellekti taqdim etilganligi bu sohada rivojlanish qanchalar tezlashayotgani koʻrsatadi.
AI ham xuddi shunday yoʻlni tanlaydimi?
Jevons paradoksi koʻplab sohalarda tasdiqlangan. Masalan, yoritishda energiya samaradorligi borgan sari oshgan boʻlsa-da, bu yoritishni kamaytirishga emas, aksincha, yanada koʻpaytirishga olib kelgan. Bobil yogʻ chiroqlarining xira nuridan tortib, zamonaviy yorqin LED chiroqlarigacha boʻlgan jarayon shaharlarni oʻzgarishlarga olib kelib, hatto bugungi kunda yorugʻlik ifloslanishi muammosi muhokama qilinishiga sabab boʻldi.
Agar sunʼiy intellekt ham shu yoʻnalishda rivojlansa, AI nafaqat odamlarning elektron pochta xabarlariga javob beruvchi vosita boʻlib qoladi, balki kundalik hayotdagi qarorlarni ham boshqarishi mumkin. U kishi nima yeyishidan tortib, boʻsh vaqtini qanday oʻtkazishigacha boʻlgan tanlovlarga taʼsir koʻrsatadigan darajaga yetadi.
Shu bilan birga, AI’ning taʼsiri qanchalik keng boʻlishi turli omillarga bogʻliq. Agar u qimmat xizmatlarni qulay yechimlar bilan almashtira olsa, talab keskin oshadi. Ammo AI oddiy ehtiyoj emas, balki hashamat darajasida qolsa, uning ommaviylashishi ancha qiyin kechadi. Hozirgi statistika ham shuni tasdiqlaydi: AQSh kompaniyalarining bor-yoʻgʻi 5 foizi AI’dan faol foydalanmoqda, yana 7 foizi joriy qilishni rejalashtirgan. Bu esa uning ommaviylashishi uchun hali koʻp toʻsiqlar borligini koʻrsatadi.
Xulosa qilib aytganda, samaradorlik AI’dan foydalanish koʻlamini oshirishi mumkin. Biroq uning taʼsiri qanday boʻlishi AI texnologiyalarining kundalik hayotga qanchalik chuqur singishiga bogʻliq.