12 055.900 so‘m

increase

44.250

13 572.530 so‘m

increase

109.870

144.160 so‘m

increase

0.990

12 055.900 so‘m

increase

44.250

1 soat avval
Iqtisodiyot
83

3,4 mlrd dollarga qurilgan Uzbekistan GTL xususiylashtirish arafasida. Zavodning moliyaviy holati qanday?

Korxonaning joriy moliyaviy natijalari hozircha ochiqlanmagan, biroq uning xorijiy kreditlar boʻyicha asosiy qarz qoldigʻi 838,2 mln dollarni tashkil etmoqda. 

Zavod 1 mlrd dollarlik uzoq muddatli shartnomaga ham ega, uni IPO orqali xususiylashtirish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. 

Pinkod ochiq manbalar asosida korxonaning moliyaviy majburiyatlari, yirik bitimlari va ishlab chiqarish faoliyatiga oid asosiy maʼlumotlarni jamladi. 

3,4 mlrd dollarga qurilgan Uzbekistan GTL xususiylashtirish arafasida. Zavodning moliyaviy holati qanday?

Oʻzbekistondagi eng yirik sanoat loyihalaridan biri boʻlgan Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8 oktabr kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, korxonani xususiylashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Hozirda zavodning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini auditdan oʻtkazish, ishlab chiqarish va moliyaviy koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Biroq matbuot anjumanida zavodning joriy moliyaviy natijalari, jumladan, daromadi, xarajatlari va sof foydasi haqida maʼlumot berilmadi.

Shu munosabat bilan Pinkod ochiq manbalardagi maʼlumotlar asosida Uzbekistan GTL’ning qurilish qiymati, kredit qarzdorligi, yirik shartnomalari va ishlab chiqarish quvvatlariga oid asosiy raqamlarni jamladi.

Shuningdek, korxona xususiylashtirilishining mamlakat iqtisodiyoti, xomashyo yetkazib beruvchilar, hamkor tashkilotlar va mahsulot xaridorlariga ehtimoliy taʼsiri oʻrganilmoqda.

Prezidentning 2025 yil 21 apreldagi PQ-145-sonli qaroriga muvofiq, “Oʻzbekneftgaz” AJga tegishli Uzbekistan GTL MChJning 100 foiz ulushi xususiylashtirilishi belgilangan.

Dastlab korxonani savdoga chiqarish 2026 yilning ikkinchi choragiga moʻljallangan edi. Biroq oktabr oyiga kelib zavod hali ommaviy savdolarga chiqarilmadi.

Davaktiv rahbarining tushuntirishicha, qarorda belgilangan muddat korxona aynan shu vaqtgacha sotilishi shartligini anglatmaydi. Zavodni sotishdan avval uning moliyaviy holati oʻrganilishi va zarur tayyorgarlik ishlari yakunlanishi kerak.

Uzbekistan GTL IPO’ga ham chiqarilishi mumkin

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi korxona aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda.

Sohibjon Murodovning aytishicha, bir qator yirik xalqaro tashkilotlar agentlikka murojaat qilib, Uzbekistan GTL’ning IPO’sida ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Agentlik rahbari IPO amalga oshirilgan taqdirda korxonadagi kichik ulushlarni xarid qilishni istovchi investorlar ham boʻlishini taʼkidlagan.

Hozircha xususiylashtirish qanday mexanizm asosida oʻtkazilishi, korxonaning qancha ulushi investorlarga taklif qilinishi hamda IPO muddati maʼlum emas.

Shuningdek, zavodning joriy moliyaviy natijalari ham matbuot anjumanida ochiqlanmadi. Davaktiv ushbu maʼlumotlarni keyinchalik alohida eʼlon qilishini bildirgan.

3,42 mlrd dollarlik zavodning qancha qarzi qolgan?

Qashqadaryo viloyatida joylashgan Uzbekistan GTL zavodi 2021 yil dekabr oyida ishga tushirilgan. Korxona tabiiy gazni qayta ishlab, suyuq yoqilgʻi va neft-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Zavod qurilishining umumiy qiymati 3,42 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan qariyb 2,3 mlrd dollari davlat kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirilgan.

Uzbekistan GTL’ning rasmiy maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 16 iyun holatiga xorijiy kreditlarning qaytarilmagan asosiy qarz qoldigʻi 838,2 mln dollarni tashkil etgan.

Bu dastlab jalb qilingan 2,3 mlrd dollarlik kreditlarning qariyb 36,4 foiziga teng. Boshqacha aytganda, kreditlarning taxminan 1,46 mlrd dollarlik qismi qaytarilgan.

Eng yirik kreditor Xitoy Davlat taraqqiyot banki boʻlib, uning dastlabki 1,2 mlrd dollarlik kreditidan 483,6 mln dollar qarz qolgan.

Koreya Eksport-import banki (KEXIM) oldidagi qarz 201,5 mln dollarni, K-SURE sugʻurtasi bilan taʼminlangan kreditlar boʻyicha qarzdorlik esa 112,8 mln dollarni tashkil etgan.

Shu bilan birga, mazkur raqamlar kreditlarning faqat asosiy qarz qoldigʻini ifodalaydi. Foizlar va boshqa shartnomaviy majburiyatlar hisobga olinganda korxonaning umumiy moliyaviy majburiyatlari bundan yuqori boʻlishi mumkin.

Zavod AQSh kompaniyasi bilan 1 mlrd dollarlik kelishuvga ham ega

Uzbekistan GTL faoliyati bilan bogʻliq yirik bitimlardan yana biri 2023 yil may oyida AQShning Air Products kompaniyasi bilan tuzilgan.

Qiymati 1 mlrd dollar boʻlgan kelishuvga muvofiq, Air Products zavod tarkibidagi sintez-gaz ishlab chiqarish va boshqa sanoat gazlari bilan bogʻliq quvvatlarni sotib olgan.

Amerika kompaniyasining AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etgan hisobotida ushbu kelishuv 15 yilga moʻljallangani koʻrsatilgan.

Shartnomaga koʻra, Air Products mazkur quvvatlarni ishlatib, “Oʻzbekneftgaz”ga zarur mahsulotlarni yetkazib beradi. Buning evaziga kompaniya ishlab chiqarilgan mahsulotga boʻlgan haqiqiy talabdan qatʼi nazar, har oy belgilangan toʻlovni oladi.

Shartnoma muddati tugagach, Oʻzbekiston tomoni ushbu ishlab chiqarish quvvatlarini qayta sotib olish huquqiga ega.

Air Products’ning 2025 yil 30 sentabr holatiga moliyaviy hisobotida Oʻzbekistondagi mazkur operatsiya bilan bogʻliq moliyaviy debitorlik qarzi 1 mlrd dollar miqdorida aks ettirilgan.

Shu sababli zavodni xususiylashtirishda nafaqat uning xorijiy kreditlari, balki uzoq muddatli shartnomalar doirasidagi majburiyatlari ham muhim ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. 

Zavodning ishlab chiqarish quvvati qancha?

Uzbekistan GTL yiliga 3,6 mlrd kub metr tabiiy gazni qayta ishlashga moʻljallangan.

Loyiha koʻrsatkichlariga koʻra, zavod yiliga 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 307 ming tonna aviatsiya kerosini, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Biroq ushbu raqamlar zavodning loyihaviy quvvatini anglatadi, amaldagi ishlab chiqarish hajmlarini emas.

2025 yil dekabr oyida “Oʻzbekneftgaz” korxona ishga tushirilganidan toʻrt yil oʻtib toʻliq quvvatga chiqqanini maʼlum qilgan edi. Shu bilan birga, texnologik kamchiliklar va rejadan tashqari toʻxtashlar bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolayotgani qayd etilgan.

Kompaniya 2026 yilda ishlab chiqarish hajmini 15–20 foizga oshirish vazifasini qoʻygan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+