2026 yil oxirigacha Milliy investitsiya jamgʻarmasining 30 foizgacha aksiyalari IPO’ga chiqariladi
Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarida kuzatuv kengashlari tarkibidagi mustaqil aʼzolar ulushi 50 foizga yetkaziladi.

Prezident davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorni qabul qildi.
Hujjatga muvofiq, korxona va banklarda korporativ boshqaruv madaniyatini rivojlantirish, zamonaviy boshqaruv usullarini keng joriy etish belgilandi. Xususan, jamiyatlar kuzatuv kengashlarida mustaqil aʼzolar ulushi 50 foizga yetkaziladi.
2026 yil yakuniga qadar Milliy investitsiya jamgʻarmasi ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar paketi xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtiriladi.
Shuningdek, jamgʻarma ulushi mavjud boʻlgan jamiyatlar boʻyicha hisoblangan dividendlarni ularning oʻz ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga iqtisodiyotdagi oʻrni va ulushi, moliyaviy natijalar, biznes-reja koʻrsatkichlarining bajarilishi hamda boshqa muhim maʼlumotlarni muntazam taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Oʻzbekiston va xususiylashtirish
Maʼlumot uchun, Milliy investitsiya jamgʻarmasi 2024 yilda tashkil etilgan. 2025 yil 1 maydan boshlab uning boshqaruvi Franklin Templeton kompaniyasiga topshirilgan. Xorijiy investitsiya kompaniyasi ayni paytda davlat korxonalarini IPO jarayonlariga tayyorlamoqda.
Avvalroq Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida xabarlar berilgandi. Davlat korxonasi qarzlarni ham inobatga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.
Biroq, Bloomberg xabariga koʻra, NKMKning IPO jarayoni kechikishi mumkin. Hukumat oltin qazib oluvchi kompaniya IPOʻdan soʻng davlat byudjetiga toʻlanadigan yirik dividendlar qisqarib ketishidan xavotir bildirmoqda. Shu sababli 2026 yil boshida oʻtkazilishi rejalashtirilgan IPO amalga oshmay qolgan boʻlishi mumkin.
Shuningdek, 2026 yilda Oʻzbekistonda birorta davlat bankining xususiylashtirilishi kutilmaydi.
Yangilangan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasiga koʻra, joriy yilda ular soni 9 ta darajasida saqlanib qoladi. 2027 yilda ular 7 taga, 2028 yilda 6 taga, 2029 yilda 5 taga va 2030 yilda 4 taga qisqartirilishi rejalashtirilgan.









