2025 yilning birinchi yarmida soʻm mustahkamlandi: dollar kursining pasayishiga nima sabab boʻldi?
2025 yilning birinchi yarmida oʻzbek soʻmi 262 soʻmga yoki 2 foizdan koʻproqqa mustahkamlandi. Iyun oyida AQSh dollari qisqa muddatda 370 soʻmdan ortiqqa qadrsizlanib, 24 iyun kuni 12 410,99 soʻmgacha tushdi. Oy yakunida esa kurs 12 654,13 soʻmgacha koʻtarildi.

2025 yilning yanvar-iyun oylarida oʻzbek soʻmi AQSh dollariga nisbatan barqaror mustahkamlanishda davom etdi. Iyun oyida milliy valyuta 114,13 soʻmga yoki qariyb 1 foizga qimmatlab, 12 654,13 soʻmni tashkil etdi.
Oy davomida dollar kursida keskin pasayish kuzatildi. Jumladan, 24 iyun kuni AQSh dollari soʻnggi 17 oy ichidagi eng past qiymat — 12 410,99 soʻmgacha tushdi. Soʻnggi marotaba bunday past kurs 2024 yilning yanvarida qayd etilgan edi. Biroq bu pasayish vaqtinchalik boʻlib chiqdi. 30 iyundan boshlab dollar kursi 67,72 soʻmga koʻtarilib, 12 654,13 soʻmni tashkil etdi. Natijada, oy yakunidagi soʻnggi toʻrt kun ichida dollar kursi 240 soʻmdan ortiqqa oshdi.
Taqqoslash uchun, 2024 yil davomida oʻzbek soʻmi nisbiy hisobda 4,7 foizga (mutlaq hisobda — 581,78 soʻmga) qadrsizlangan edi. 2025 yilning birinchi yarmida esa aksincha — soʻm 2 foizdan koʻproqqa yoki 262 soʻmga mustahkamlandi.
Dollar kursining tushishiga nima sabab boʻldi?
Dollar kursining pasayishiga bir qator ichki va tashqi omillar taʼsir koʻrsatmoqda. Eng avvalo, AQSh dollari nafaqat oʻzbek soʻmiga, balki global miqyosda koʻplab boshqa valyutalarga nisbatan ham qadrsizlanmoqda. Buni Dollar indeksining (DXY) 2022 yilda Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan buyon eng past darajaga tushgani tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonga kirib kelayotgan xorijiy valyuta oqimi ham dollarga boʻlgan ichki ehtiyojni kamaytirishga xizmat qilmoqda. 2025 yilning birinchi choragida mamlakatga yuborilgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari 32 foizga oʻsib, $3,3 milliardni tashkil etdi. 2024 yil davomida esa umumiy joʻnatmalar hajmi 30%ga oshib, $14,8 milliardga yetgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy bankining xalqaro bozorda oltin savdosidagi faolligi ham muhim rol oʻynamoqda. 2025 yil boshidan buyon mamlakatning oltin zaxiralari 26 tonnaga kamaygani bu savdoning miqyosini koʻrsatadi. Oltin sotilishi orqali mamlakatga qoʻshimcha valyuta kirib kelmoqda, bu esa ichki bozorning dollarga ehtiyojini kamaytirib, soʻmning mustahkamlanishiga hissa qoʻshmoqda.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Abror Mirzo Olimovning taʼkidlashicha, milliy valyuta kursining barqarorligiga bir nechta asosiy omillar sabab boʻlmoqda:
"Birinchidan, pul oʻtkazmalari oqimi ortmoqda. Ikkinchidan, mamlakatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi oshmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import avvalgidek keskin oʻsmadi. Shuningdek, oltindan tashqari tovarlar eksporti ham koʻpaymoqda", — deya izoh bergan Markaziy bank raisi oʻrinbosari.