2025 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti rekord surʼatlarda oʻsdi
2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston YaIMi 7,7 foizga oʻsib, 2021 yildan buyon eng yuqori oʻsish koʻrsatkichiga yetdi.
Yil davomida inflyatsiya 9,8 foizdan 7,3 foizgacha pasaydi, eksport 24 foizga, tashqi savdo aylanmasi 20,7 foizga oshdi.
Iqtisodiyotga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar 43,1 mlrd dollarni, oltin-valyuta zaxiralari esa tarixda ilk bor 66,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti soʻnggi bir necha yildagi eng yuqori oʻsish surʼatlarini qayd etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.
Yanvar–dekabr oylarida mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 7,7 foizga oshdi. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 1 foiz bandga yuqori boʻlib, iqtisodiy oʻsish 2021 yildan buyon eng yuqori darajaga yetdi. Oʻsha yili Oʻzbekiston COVID-19 pandemiyasidan keyingi tiklanish bosqichida edi.
Iqtisodiy faollikning oshishiga qaramay, inflyatsiya bosimi sezilarli darajada pasaydi. Yillik inflyatsiya darajasi 9,8 foizdan 7,3 foizgacha sekinlashdi. Shu bilan birga, aholining jami real daromadlari oʻsish surʼati 11,7 foizdan 9,2 foizgacha pasaydi.
2025 yilda mamlakat doimiy aholisi soni qariyb 700 ming kishiga koʻpayib, ilk bor 38 milliondan oshdi. 2026 yil 1 yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 38,23 milliondan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.

Sanoat ishlab chiqarishida ham oʻsish surʼatlari biroz tezlashib, jismoniy hajm indeksi 6,8 foizni tashkil etdi (2024 yilda — 6,5 foiz). Qurilish sohasida esa sezilarli oʻsish qayd etilib, tarmoq hajmi yil davomida 14,2 foizga kengaydi.
Bundan tashqari, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligida 4,4 foiz, chakana xizmatlar sohasida 14,7 foiz hamda tashqi savdo aylanmasida 20,7 foiz oʻsish kuzatildi. Xususan, eksport hajmi 24 foizga, import esa 18,5 foizga oshdi. Shu bilan birga, yuk aylanmasi (+1,9%), yoʻlovchi aylanmasi (+5,8%) va chakana tovar aylanmasida (+11,2%) oʻsish surʼatlarining sekinlashgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil dekabr oyida Oliy Majlis va xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida mamlakat YaIMi ilk bor 145 milliard AQSh dollaridan oshganini maʼlum qilgan edi. Shuningdek, iqtisodiyotga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi.
2025 yilda Oʻzbekistonning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari ham tarixiy rekord oʻrnatib, 66,3 milliard AQSh dollariga yetdi. Bir yil davomida zaxiralar hajmi 25,1 milliard dollarga oshdi, bunda eng katta oʻsish oltin zaxiralari hissasiga toʻgʻri keldi.









