12 078.470 so‘m

increase

10.870

14 234.480 so‘m

decrease

-5.290

155.230 so‘m

increase

1.520

12 078.470 so‘m

increase

10.870

6 soat avval
Iqtisodiyot
45

Prezident murojaati: 2030 yilga borib Oʻzbekiston YaIMi $240 mlrdga yetishi kutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlashicha, bugungi kunda mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi $145 mlrddan oshgan, eksport 23 foizga koʻpaygan, oltin-valyuta zaxiralari esa 60 milliard dollardan yuqori darajaga yetgan. 

Mazkur ijobiy surʼatlar saqlanib qolsa, 2030 yilga borib YaIM hajmini $240 mlrdga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Prezident murojaati: 2030 yilga borib Oʻzbekiston YaIMi $240 mlrdga yetishi kutilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi boʻlib oʻtmoqda.

Davlat rahbari oʻz nutqida bundan toʻqqiz yil avval mamlakat iqtisodiyoti hajmini 100 milliard dollarga yetkazish ulkan va uzoq muddatli maqsad boʻlib koʻringanini taʼkidladi.

“Bugun esa tariximizda ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi. Bu natija xalqimizning, butun jamiyatimizning naqadar katta salohiyatga ega ekanini yaqqol namoyon etmoqda”, — dedi Prezident.

2030 yilga borib YaIM $240 mlrdga yetishi mumkin

Joriy yilda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yoʻlida salmoqli natijalar qayd etildi. Ushbu hujjatga muvofiq, yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilga qadar 160 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan edi. Biroq hozirgi surʼatlardan kelib chiqib, bu marraga 2026 yilning oʻzidayoq erishish imkoni mavjud.

Prezidentning taʼkidlashicha, mavjud iqtisodiy salohiyat, olib borilayotgan islohotlar, tadbirkorlik faolligining ortishi hamda xorijiy sheriklar bilan hamkorlikning kengayishi bunga mustahkam zamin yaratmoqda.

Shu bilan birga, global raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda malakali kadrlar, zamonaviy texnologiyalar va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan tarmoqlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

Xususan, bioinjeneriya, ilgʻor agrotexnologiyalar, suv tejovchi usullar, “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarish, shuningdek, taʼlim va tibbiyot sohalarida ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.

Davlat rahbarining taʼkidlashicha, ushbu yoʻnalishlarda izchil islohotlar amalga oshirilsa, kelgusi besh yil ichida mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Rekord darajada koʻpaygan zaxiralar va oshirilgan xalqaro reytinglar

Global savdo tizimida “oʻyin qoidalari” oʻzgarayotgan bir paytda joriy yil eksport 23 foizga oshib, $33,4 mlrdga yetkazilishi taʼkidlandi. Oltin-valyuta zaxiralari ilk bor $60 mrlddan oshdi.

Iqtisodiyotga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi $43,1 mlrdga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda.

Taʼkidlanishicha, bu — iqtisodiyot kelgusi yillarda ham yuqori surʼatlar bilan barqaror oʻsib borishi uchun zamin boʻladi.

Yetakchi xalqaro reyting agentliklari Oʻzbekistonning suveren reytingini “BB-"dan “BB” pogʻonasiga koʻtardi.

“Bu gaplar koʻpchilikka oddiy bir fakt boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi. Birgina ana shu oʻzgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1−1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga $250−300 mlnga kamayadi”, — dedi prezident.

Shuningdek, Jahon banki eʼlon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqori koʻtarilib, dunyoning TOP-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+