12 042.050 so‘m

increase

68.150

13 744.800 so‘m

increase

44.260

155.030 so‘m

increase

0.210

12 042.050 so‘m

increase

68.150

2 soat avval
Bank
39

1,9 trln soʻm foyda olgan SQB nega oddiy aksiyalarga dividend toʻlamaydi?

Oʻzsanoatqurilishbank 2025 yilda 1,9 trln soʻm sof foyda olganiga qaramay, oddiy aksiyalar boʻyicha dividend toʻlamaydi. 

Bankning 40 foiz ulushi UzNIF portfelida boʻlib, jamgʻarma aktivlari sof foydaning kamida 50 foizini dividendga yoʻnaltirishi belgilangan. 

Franklin Templeton bu qarorni SQB kapital bazasini mustahkamlash hamda bankni IPO yoki xususiylashtirishga tayyorlash zarurati bilan izohladi. 

1,9 trln soʻm foyda olgan SQB nega oddiy aksiyalarga dividend toʻlamaydi?

Oʻzsanoatqurilishbank 2025 yil yakunlari boʻyicha oddiy aksiyalar egalariga dividend toʻlamaydi. Bank bu qarorni kapital bazasini mustahkamlash hamda IPO yoki xususiylashtirishga tayyorgarlik jarayoni bilan izohladi.

30 iyun kuni boʻlib oʻtgan aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishida bank aksiyalari boʻyicha 2025 yil uchun dividend toʻlash masalasi koʻrib chiqilgan. Qarorga koʻra, imtiyozli aksiyalar boʻyicha yillik 20 foiz stavkada — har bir aksiya uchun 3,8 soʻmdan dividend toʻlanadi. Ular boʻyicha umumiy toʻlov miqdori 1 mlrd 406 mln soʻmni tashkil qiladi.

Oddiy aksiyalar boʻyicha esa dividend stavkasi 0 foiz, toʻlov miqdori 0 soʻm etib belgilangan. Dividendlar 10 iyuldan 29 avgustgacha aksiyadorlarning hisobvaraqlariga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Mazkur qaror bankning 2025 yil yakunlari boʻyicha 1,9 trln soʻm sof foyda olgani fonida eʼtiborli koʻrinadi. Bozor ishtirokchilari bank foydasining bir qismi dividend sifatida taqsimlanishini kutayotgan edi.

Yana bir jihat “Oʻzsanoatqurilishbank” Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) portfelidagi aktivlardan biri hisoblanadi. 2025 yil sentabrida bank aksiyalarining 30 foizi UzNIF portfeliga oʻtkazilgan, 2026 yil fevralida esa jamgʻarma yana 10 foizlik ulushni olgan. Natijada UzNIF’ning bank kapitalidagi ulushi 40 foizga yetgan.

UzNIF portfelidagi kompaniyalar boʻyicha 2030 yilgacha sof foydaning kamida 50 foizini dividend toʻlovlariga yoʻnaltirish siyosati belgilangan. Shuningdek, 2026-yilgi davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan kompaniyalar 2025 yil yakunlari boʻyicha sof foydasining kamida 50 foizi miqdorida dividendlar va ajratmalar hisoblashi kerakligi koʻrsatilgan.

Shunga qaramay, SQB oddiy aksiyalar boʻyicha dividend toʻlamaslik qarorini bir ovozdan qabul qilgan. Openinfo’da eʼlon qilingan hujjatga koʻra, yigʻilish kvorumi 95,81 foizni tashkil etgan, dividendlar masalasida ovoz berishda ishtirok etgan aksiyadorlarning 100 foizi “maʼqul” deb ovoz bergan.

Pinkod.uz mazkur masala yuzasidan UzNIF boshqaruvchisi hisoblangan Franklin Templeton kompaniyasidan izoh oldi.

Taqdim etilgan javobda oddiy aksiyalar boʻyicha dividend toʻlamaslik qarori bank kapital bazasini mustahkamlash bilan izohlandi. “Mazkur qarorning asosiy maqsadi “Oʻzsanoatqurilishbank”ning kapital bazasini yanada mustahkamlashdan iborat”, — deyiladi bayonotda.

Franklin Templeton’ga koʻra, bu qaror SQB aksiyalarini IPO’ga chiqarish yoki bankni xususiylashtirishga tayyorlash doirasidagi transformatsiya jarayonining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun muhim shartlardan biri hisoblanadi.

Kompaniya aksiyadorlar hozirgi bosqichda dividend toʻlamaslikni barcha aksiyadorlarning investitsiyalari qiymatini maksimal darajada oshirish nuqtai nazaridan eng maqbul yechim deb hisoblaganini bildirdi. Shu bilan birga, bayonotda kelgusida aksiyadorlarga dividendlar toʻlanishi kutilayotgani qayd etilgan.

UzNIF portfelidagi boshqa kompaniyalar boʻyicha esa ayrim hollarda 2025 yil yakunlari boʻyicha sof foydaning 50 foizidan ortigʻi dividend toʻlovlariga yoʻnaltirilgani aytilgan. Qolgan kompaniyalar boʻyicha tegishli qarorlar keyingi davrda qabul qilinishi kutilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+