12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

14 107.450 so‘m

increase

51.900

150.180 so‘m

increase

4.560

12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

14-fevral, 22:00
Iqtisodiyot

Yoshlarga oid davlat siyosatida qanday yangiliklar boʻlishi kutilmoqda?

Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida kambagʻal oila farzandlariga foizsiz taʼlim krediti berilishi, shuningdek, “Aloqabank” yoshlar bankiga aylanishi va boshqa bir qator taʼlim, ish hamda tadbirkorlikka oid imkoniyatlar eʼlon qilindi.

Yoshlarga oid davlat siyosatida qanday yangiliklar boʻlishi kutilmoqda?
Foto: Prezident matbuot kotibi

14 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida yoshlar bilan uchrashib, ular bilan muloqot qildi. Unda yoshlarga oid bir qator ijobiy yangiliklar eʼlon qilindi.

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Prezident yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 3 ta muhim hujjatga imzo chekdi. Birinchi hujjatga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida yangi jamgʻarma tashkil qilinib, unga 100 million dollar ajratiladi. Yosh tadbirkorlarga 2,5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar beriladi va startap loyihalariga 2 milliard soʻmgacha investitsiya kiritiladi.

Ikkinchi hujjatga koʻra esa, oliygoh bitiruvchilarining bandligini taʼminlash uchun yangi tizim joriy etilib, Milliy bank tomonidan 100 million dollar resurs ajratiladi. Bank, Oliy taʼlim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bitiruvchilarga yangi bank xizmatlarini taklif qiladi. Shuningdek, hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya ish oʻrinlari yaratish va yoshlarni joylashtirish bilan shugʻullanadi.

Bundan tashqari, keyingi hujjat bilan, “Aloqabank” yoshlar biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi maxsus bankka aylantiriladi va unga 200 million dollar ajratiladi. Oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million soʻmgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz beriladi. Kamida 20 yoshni ish bilan taʼminlay olgan tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha kredit ajratilib, kreditlarning 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yoʻnaltiriladi.

Hududlarda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilib, yoshlarning gʻoyalari startapga aylantiriladi, shuningdek, "Aloqa venchur" jamgʻarmasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha investitsiya kiritiladi.

Yoshlar uchun raqamli taʼlim va startaplar

Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida ham katta oʻzgarishlar kutilmoqda. “Bir million dasturchi” loyihasiga yana 300 ming yosh jalb qilinadi, Coursera platformasida 3 mingdan ortiq kurslar sunʼiy intellekt orqali oʻzbek tilida taqdim etiladi.

Muloqotda 2025 yil IT sohasi eksportini $1 mlrdga yetkazish maqsad qilingani taʼkidlandi. Shuningdek, bu yil “Muhammad Xorazmiy vorislari” loyihasi Qoraqalpogʻistonda ham joriy etilib, yana 1 ming nafar yoshlar qamrab olinishi maʼlum qilindi. Bundan tashqari Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt foydalanuvchilari” loyihasi yoʻlga qoʻyiladi.

Kam taʼminlangan yoshlarga qoʻshimcha imtiyozlar

Taʼlim sohasida esa kam taʼminlangan oilalar farzandlariga foizsiz taʼlim krediti beriladi, kontrakt toʻlovining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

“Yorqin Isteʼdod” loyihasi orqali iqtidorli yoshlar xorijda oʻqitilib, har bir mahalladan isteʼdodli, ammo imkoniyati cheklangan yoshlar tanlab olinadi va ularga chet el oliygohlariga kirish uchun tayyorgarlik kurslari taqdim etiladi.

Xorijda tahsil olgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, davlat organlariga tanlovsiz ishga qabul qilinadi. Har yili saralangan 1 000 nafar yosh dunyoning TOP-100 oliygohlariga yuborilib, ularning oʻqish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.

Bundan tashqari, dunyoning nufuzli “top-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha boʻlgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+