Yil boshidan buyon uchinchi marotaba: “Oʻzbekneftgaz” faoliyati tanqidiy koʻrib chiqildi
23 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftgaz” AJ faoliyati boʻyicha yil boshidan buyon uchinchi yigʻilishni oʻtkazdi. Unda 30 yanvardagi topshiriqlar ijrosi, xarajatlarni optimallashtirish choralari, kredit portfelini tartibga solish va 2026–2027 yillarga moʻljallangan geologiya-qidiruv rejalari yuzasidan axborot berildi.

23 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev avval berilgan topshiriqlar ijrosi, xususan, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Bu yil davlat kompaniyasi boʻyicha uchinchi yigʻilish oʻtkazilmoqda.
Bugun davlat rahbariga ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan maʼlumot berildi. Avvalo, xarajatlarni optimallashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida hisobot taqdim etildi.
Ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- kompaniya markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasini qayta koʻrib chiqish va optimallashtirish;
- ishlab chiqarish xizmatlari, tovarlar va materiallar, shuningdek, pudrat ishlari narxlarini qayta koʻrib chiqish ishlarini boshlash;
- kredit portfelini tartibga solish;
- asosiy faoliyatga daxldor boʻlmagan aktivlarni boshqaruvdan chiqarish;
- debitorlik qarzdorligini qisqartirish boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish.
Yigʻilishda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Xususan, 2026–2027 yillarga moʻljallangan rejaga koʻra, qator hududlarda yangi uchastkalarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D-seysmik razvedka hajmini kengaytirish va quduqlar qurilishini yakunlash koʻzda tutilgan. Yanvar–fevral oylarida ikkita yangi gaz-kondensat koni ochilgan.
Kompaniyaning strategik rivojlanishi doirasida forenzik-auditni jadallashtirish, xarid jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda xalqaro standartlar asosida hisobot tayyorlash rejalashtirilgan.
Prezident masʼul shaxslarga belgilangan vazifa va tadbirlarni aniq hisob-kitoblar, qatʼiy intizom hamda shaxsiy masʼuliyat asosida amalga oshirishni topshirdi.
30 yanvar kuni oʻtkazilgan taqdimotda kompaniyaning operatsion samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha vazifalar belgilangan edi.
Avvalroq “Oʻzbekneftegaz” AJ oʻz tasarrufidagi “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” futbol klublariga koʻrsatib kelinayotgan homiylikni toʻxtatayotgani haqida xabar qilingan edi.
Qaror prezidentning 59-sonli farmoyishi asosida, sohaga aloqador boʻlmagan xarajatlarni qisqartirish doirasida qabul qilingan.









