11 825.400 so‘m

decrease

-5.470

13 483.320 so‘m

increase

32.800

140.340 so‘m

increase

1.070

11 825.400 so‘m

decrease

-5.470

6 soat avval
Iqtisodiyot
102

YeTTB Oʻzbekiston iqtisodiyoti boʻyicha prognozini 7,5%gacha oshirdi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Oʻzbekiston iqtisodiyotining 2026 yildagi oʻsishi boʻyicha prognozini 6,5%dan 7,5%gacha oshirdi. Prognoz uch oy ichida 1 foiz punktga yaxshilandi, bunga yilning birinchi yarmidagi 8,5%lik iqtisodiy oʻsish va kuchli ichki talab sabab boʻlgan. 2027 yilda esa oʻsish 6%gacha sekinlashishi kutilmoqda.

YeTTB Oʻzbekiston iqtisodiyoti boʻyicha prognozini 7,5%gacha oshirdi

YeTTB Oʻzbekiston boʻyicha 2026 yilgi iqtisodiy oʻsish prognozini sezilarli darajada yuqoriga qayta koʻrib chiqdi.

Bankning sentabrdagi “Regional Economic Prospects” hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston real yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 7,5%ga oʻsishi kutilmoqda. Iyun oyidagi prognozda bu koʻrsatkich 6,5% edi. Shu tariqa, uch oy ichida baho 1 foiz punktga oshirilgan.

Bu YeTTB oʻzi faoliyat yuritadigan mamlakatlar boʻyicha umumiy prognozini pasaytirayotgan bir paytda yuz bermoqda. Bank ushbu davlatlarda 2026 yilgi iqtisodiy oʻsish prognozini iyundagi 3,1%dan 2,5%gacha tushirgan. Oʻzbekiston boʻyicha baho esa aksincha yuqoriga qayta koʻrib chiqildi.

Prognozning yaxshilanishiga yilning birinchi yarmidagi yuqori iqtisodiy faollik asos boʻlgan. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston YaIMi 2026 yil yanvar–iyunda real hisobda 8,5%ga oʻsib, joriy narxlarda 1 072,7 trln soʻmni tashkil qilgan.

YeTTB iqtisodiy oʻsishni, avvalo, xizmatlar va ishlab chiqarish sektoridagi yuqori faollik, shuningdek kuchli ichki talab bilan bogʻlamoqda.

Xizmatlar sektori Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng katta qismini tashkil qilmoqda. Yilning birinchi yarmida ushbu sohada yaratilgan yalpi qoʻshilgan qiymat 521,6 trln soʻmga yetgan. Uning iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan yaratilgan jami qoʻshilgan qiymatdagi ulushi 50,8%ni tashkil qilgan.

Sanoatning ulushi 26,5%, qishloq xoʻjaliginiki 15%, qurilishniki esa 7,7% boʻlgan.

Investitsion faollik ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 2026 yil yanvar–iyunda asosiy kapitalga investitsiyalar 338,9 trln soʻmni tashkil qilib, real hisobda 17,5%ga oshgan.

Shundan 235,6 trln soʻmi xorijiy investitsiyalar va davlat kafolatisiz jalb qilingan xorijiy kreditlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Yangi prognoz bilan Oʻzbekistonning kutilayotgan iqtisodiy oʻsishi Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ham yuqori boʻlmoqda. YeTTB mintaqa iqtisodiyotlari 2026 yilda oʻrtacha 5,8%ga oʻsishini kutmoqda.

Shu tariqa, Oʻzbekiston uchun 7,5%lik prognoz mintaqaviy oʻrtacha koʻrsatkichdan 1,7 foiz punkt yuqori.

Biroq YeTTB 2027 yilda Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishi 6%gacha sekinlashishini kutmoqda. Bank Rossiya iqtisodiyotining sekinlashishi hamda Rossiyadan yoqilgʻi yetkazib berishdagi uzoq muddatli uzilishlarni asosiy tashqi xatarlar qatoriga kiritgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+