12 093.350 so‘m

increase

4.370

13 867.440 so‘m

increase

65.450

155.220 so‘m

increase

0.750

12 093.350 so‘m

increase

4.370

12 soat avval
Iqtisodiyot
131

Yerlarni auksionga chiqarishdan yangi moliyaviy imkoniyatlargacha: mahallalarni rivojlantirish boʻyicha yangi choralar belgilandi

Mahalla raislariga xususiy bogʻcha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun boʻsh yerlarni auksionga chiqarish, “mahalla yettiligi” ish rejalarini tasdiqlash va hududning iqtisodiy buyurtmasini shakllantirish vakolati beriladi. 

Har bir “yettilik”ka 10 million soʻmdan grant ajratiladi va eng faol 200 ta mahallaga 2 milliard soʻmdan mukofot beriladi. Shuningdek, noturar obʼektlardan tushadigan yer hamda mol-mulk soligʻining 5 foizi mahallaning oʻzida qoldiriladi. 

Yerlarni auksionga chiqarishdan yangi moliyaviy imkoniyatlargacha: mahallalarni rivojlantirish boʻyicha yangi choralar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar va berilgan vakolatlar amaliy natijaga aylantirilmayotgani tanqid qilindi. Davlat rahbarining taʼkidlashicha, joriy yilda infratuzilmani yaxshilash hamda aholi va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga oʻrtacha 250 milliard soʻmdan, mahallalarga esa 5,5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilgan.

Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum boʻyicha vakolatlari kengaytirilishi natijasida hududlarda qoladigan qoʻshimcha daromad ikki barobargacha oshgan. Tumanlarda oʻrtacha 22 milliard soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ, mahalla byudjetlarida esa oʻrtacha 150–200 million soʻmdan mablagʻ qolgan.

Prezident mavjud resurs va vakolatlarga qaramay, ayrim hududlarda masʼuliyat hamda tashabbuskorlik yetishmayotganini qayd etdi.

2 mingdan ortiq mahallada birorta loyiha gʻolib boʻlmagan

Tahlillarga koʻra, joriy yilning oʻzida 87 ta mahallaning har biridan Xalq qabulxonalariga 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan.

“Tashabbusli byudjet” dasturiga bu yil 7,5 trillion soʻm ajratilganiga qaramay, 2 ming 136 ta mahallada birorta ham loyiha gʻolib boʻlmagan.

Bundan tashqari, olti oy davomida banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trillion soʻm resurs ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan. Biroq 47 ta mahallada atigi ikkitadan mikroloyiha ishga tushirilgan.

960 ta kambagʻal oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand fuqaro doimiy ishga joylashtirilmagan. Shuningdek, 883 ta mahallada bankirlar xonadonbay yurib loyiha shakllantirmagani va tadbirkorlar bilan uchrashmagani maʼlum qilindi.

Yil boshidan buyon mahalladagi ishlarni toʻgʻri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar lavozimidan ozod qilingan, yana 700 nafar mansabdor shaxsga intizomiy chora qoʻllangan.

Mahalla raisi hududning “iqtisodiy buyurtmachisi” boʻladi

Yangi tizimga koʻra, mahalla raisi faqat ijtimoiy muammolarni qayd etuvchi shaxs emas, balki oʻz hududining “iqtisodiy buyurtmachisi”ga aylanishi kerak.

Har bir rais mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy buyurtmasini shakllantiradi. Bunda hududdagi muammo hisob-kitob qilinadi, uni hal etish boʻyicha loyiha tayyorlanadi va tegishli tashkilotlarga aniq vazifa qoʻyiladi.

Mahallalarda xususiy bogʻcha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun boʻsh yerlarni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.

Mahalla raisi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejalarini tasdiqlaydi. Shuningdek, “yettilik” aʼzolariga vazifa berib, uning bajarilishi yuzasidan soʻrov olib boradi.

Mahalladagi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni yaxshilash va aholi daromadini oshirishga qaratilgan loyihalar uchun “mahalla yettiligi”ga 10 million soʻmdan grant ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard soʻmlik resurs shakllantiriladi.

“Mahalla yettiligi”ni oʻqitish, uning faoliyatini metodik qoʻllab-quvvatlash hamda mahallalardagi muammolarga ilmiy yechim ishlab chiqish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi.

“Ogʻir” mahallalarda kredit stavkasi 12 foizgacha tushirildi

Mahalla bankirlarining faoliyati ham qayta tashkil etiladi. Endilikda banklar har bir mahallaning “oʻsish nuqtasi”ni aniqlashi, tashabbuskor fuqarolarni topishi va daromadli loyihalarni koʻpaytirishi kerak.

Bitta mahalla bankiriga koʻpi bilan uchta mahalla biriktiriladi. Bankirlar hududdagi korxonalarning qanday ishchilarga ehtiyoji borligini aniqlab, ishsiz fuqarolarni ushbu kasblarga oʻqitish boʻyicha bandlik organlariga buyurtma beradi. Oʻqishni tugatgan fuqarolarni ishga joylashtirish ham bankirlarning vazifalaridan biri boʻladi.

Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qoʻshimcha 2 trillion soʻm imtiyozli mablagʻ ajratilgan. “Ogʻir” mahallalarda ushbu kreditlar boʻyicha foiz stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirilgan.

Davlat banklariga bir oy ichida mingta mahallada ish boshlash va har bir mahallada kamida uchtadan “lokomotiv” loyihani amalga oshirish vazifasi qoʻyildi. Bunda “yetishtirish — qayta ishlash — saqlash — qadoqlash — sotish” zanjirini yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Eng faol 200 ta mahallaga 2 milliard soʻmdan beriladi

Mahallalar byudjetini mustahkamlash boʻyicha ham yangi tartiblar joriy etiladi. Endilikda mahalladagi noturar obʼektlardan tushadigan yer va mol-mulk soligʻining 5 foizi mahallaning oʻzida qoladi. Buning hisobidan mahallalar ixtiyorida yiliga qoʻshimcha 400 milliard soʻm shakllanishi kutilmoqda.

Yil davomida eng koʻp tadbirkorlik subʼektini roʻyxatdan oʻtkazgan, koʻp ish oʻrni yaratgan, tushum koʻrsatkichi yuqori boʻlgan va yangi soliq bazalarini aniqlagan 200 ta mahallaning har biriga 2 milliard soʻmdan mukofot beriladi.

Yangi tashabbuslar hisobidan mahallalar byudjetiga tushum 2026 yilda 1,6 trillion soʻmga, 2027 yildan esa yiliga 2 trillion soʻmga yetishi kutilmoqda.

Davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi

Hozirda «mahalla yettiligi» orqali aholiga 100 ga yaqin xizmat koʻrsatilmoqda. Yigʻilishda barcha davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich mahallaga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Masalan, Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilgan Axborot va xizmat markazi orqali sakkizta olis mahalla aholisiga bir joyning oʻzida 980 turdagi davlat xizmati koʻrsatilmoqda.

Yil yakunigacha ushbu tajribani Qoʻngʻirot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qoʻshrabot, Tuproqqalʼa, Gʻijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq va Ohangaron tumanlarida joriy etish topshirildi. Urganch shahridagi “aqlli mahalla” tajribasi esa har bir viloyatning oʻntadan mahallasida tatbiq qilinadi.

Yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojiga moslashtirish va ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi ijtimoiy xizmat ham mahallalarga tushiriladi.

Shuningdek, uch oy ichida demensiya va aqliy zaifligi boʻlgan fuqarolar uchun 250 ta mahallada kunduzgi hamda uyda parvarish xizmatlari va “Madad” uylari tashkil etiladi. Yana 75 ta mahallada oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi ishga tushiriladi.

Yigʻilishda ijtimoiy reyestr bilan bogʻliq kamchiliklar ham tanqid qilindi. Bir oy davomida 184 ta mahallada kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz rad etilgan. Natijada reyestrga kiritilish masalasida Prezidentga yuborilgan murojaatlar yil boshidan 30 mingtadan 46 mingtaga koʻpaygan.

Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestrning toʻgʻri yuritilishini qatʼiy nazorat qilish topshirildi.

Namunaviy xonadonlarga soliq imtiyozi beriladi

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan mahallalarda “Obodlik va mehr-saxovat oyligi” oʻtkaziladi. Obodonlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika shtabi, hokimlar boshchiligida esa hududiy shtablar tuziladi.

Yil yakunida “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod koʻcha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari boʻyicha tanlovlar oʻtkaziladi.

Gʻolib boʻlgan koʻp qavatli uylardagi kvartiralarga mol-mulk soligʻi, hovli-joylarga esa yer soligʻi boʻyicha imtiyoz beriladi. Yaxshi natija koʻrsatgan “mahalla yettiligi” vakillari ham mukofotlanadi va ularning tajribasi boshqa hududlarda ommalashtiriladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+