12 149.840 so‘m

increase

7.740

14 003.910 so‘m

decrease

-76.070

151.100 so‘m

increase

0.570

12 149.840 so‘m

increase

7.740

5 soat avval
Bank
27

Endi kredit olishda telefon raqami ham shaxs nomida boʻlishi shart

Oʻzbekistonda 22 apreldan bank kartalarini mobil ilovalarga ulash va kredit rasmiylashtirish uchun telefon raqamining foydalanuvchi nomida boʻlishi shart qilib belgilandi. Markaziy bankning yangi qarori bilan biometrik identifikatsiya va OTP-kodlardan foydalanishning qatʼiy mezonlari joriy etilib, maʼlumotlar mos kelmagan holatlarda tizim amaliyotlarni avtomatik ravishda toʻxtatadi.

Endi kredit olishda telefon raqami ham shaxs nomida boʻlishi shart
Foto: AI/Pinkod.uz

22 apreldan boshlab Oʻzbekistonda kredit va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali roʻyxatdan oʻtish va bank kartalarini ulash tartibi yangilanadi. Markaziy bank qaroriga muvofiq, foydalanuvchilarni aniqlash va xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan qator qoʻshimcha talablar joriy etilmoqda.

Yangi qoidalarga koʻra, mobil ilovaga ulangan telefon raqami foydalanuvchining oʻz nomida boʻlishi shart. Agar raqam shaxsning JShShIR maʼlumotlari bilan mos kelmasa, foydalanuvchini roʻyxatdan oʻtkazish yoki bank kartasini ilovaga ulashga ruxsat berilmaydi. Bunday holatda tizim jarayonni avtomatik ravishda toʻxtatadi va foydalanuvchiga SMS orqali xabar yuboriladi.

Shuningdek, ilovaga kirishda ham qoʻshimcha tekshiruvlar joriy etiladi. Foydalanuvchilar login va parolni qayta kiritishi, shuningdek telefonga kelgan bir martalik kod (OTP) orqali tasdiqdan oʻtishi kerak boʻladi.

Bank kartasini ilovaga ulashda ham alohida tekshiruv bosqichi boʻladi. Foydalanuvchi operatsiyani OTP kod orqali tasdiqlashi va biometrik tekshiruvdan — masalan, yuzni aniqlash orqali — oʻtishi talab etiladi.

Yana bir talabga koʻra, agar ilovaga ulanmoqchi boʻlgan bank kartasiga bogʻlangan telefon raqami boshqa boʻlsa, tizim kartani qoʻshishga ruxsat bermaydi. Bu haqda foydalanuvchiga ilova orqali push-xabar yuboriladi.

Markaziy bank, shuningdek, bir martalik kodlardan foydalanish tartibini ham aniq belgilab berdi. OTP kamida olti belgidan iborat boʻlishi, 59 soniya davomida amal qilishi va uch marta notoʻgʻri kiritilganda avtomatik bekor qilinishi kerak. Agar kod ketma-ket uch marta notoʻgʻri kiritilsa, foydalanuvchining tizimdagi amallari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi.

Yangi tartibga koʻra, masofadan biometrik aniqlash jarayonida “liveness detection” texnologiyasi qoʻllaniladi. U foydalanuvchi kamera oldida haqiqiy inson ekanini tekshirish imkonini beradi va tekshiruv real vaqtda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, agar biometrik tekshiruv boshqa tashkilotlarga topshirilsa, ular bilan tuziladigan shartnomalarda foydalanuvchilarga yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar uchun javobgarlik masalasi ham belgilanishi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+