Yaxshi miqdorda pensiya olish uchun nima qilish kerak?
Pensiya yoshiga yetib, koʻp yillik mehnat samarasini koʻrish va keksalik davri uchun har bir fuqaro mehnat faoliyatini rejalashtirishi hamda oʻzining kelajakdagi nafaqasi haqida qaygʻurishi tabiiy holat.
Hayotda mehnat yillari davomida erishilgan natijalardan zavqlanish va keksalikda barqaror daromad manbaiga ega boʻlish har bir inson uchun muhimdir. Bu maqsadga erishish uchun nafaqaga tayyorgarlikni erta boshlash va mehnat faoliyatini tartibga solish zarur. Aynan shu maqsadda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, pensiyaga chiqish uchun tavsiyalarni oʻz ichiga olgan qoʻllanmani eʼlon qildi.
Yoshga doir pensiya tayinlash uchun erkaklar 60 yoshga toʻlganida kamida 25 yil ish stajiga ega boʻlishi, ayollar esa 55 yoshga yetganida 20 yil ish stajiga ega boʻlishi talab etiladi. Ish staji yetarli boʻlmagan, yaʼni kamida 7 yil ish staji boʻlgan fuqarolarga toʻliqsiz pensiya tayinlanadi. Bu esa pensiya miqdorining kamroq boʻlishiga olib keladi.
Ish stajiga nimalar kiradi?
- Rasmiy ish faoliyati davridagi ish haqi hisoblangan muddatlar.
- Yakka tartibdagi tadbirkorlik yoki oʻzini-oʻzi band qilish orqali ijtimoiy soliq toʻlangan yillar.
- Xorijda rasmiy ishlagan davrlar.
- Harbiy xizmat muddati.
- Kunduzgi oliy taʼlimda oʻqilgan yillar.
- Har bir bola uchun 3 yilgacha (jami 6 yil) bola parvarishi uchun berilgan taʼtillar.
Pensiyaga tayyorgarlik qanday amalga oshiriladi?
Mehnat faoliyati rasmiy shaklda olib borilganda, ish staji va olingan daromadlar haqida maʼlumotlar jamlanadi. Ish beruvchilar tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliqlar ham pensiya hisob-kitobiga asos boʻladi. Shuning uchun rasmiy ishlash va daromadlarni rasmiylashtirish pensiya huquqining yilma-yil shakllanishini taʼminlaydi.
Ish faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish uchun quyidagilarga eʼtibor qaratish zarur:
- Rasmiy ishlash. Mehnat faoliyati rasmiy shaklda olib borilayotgani va ish staji yozib borilayotganini tekshirish lozim. Buni my.gov.uz portali orqali kuzatish mumkin.
- Raqamlashtirishni talab qilish. Ish beruvchining mehnat daftarchasidagi maʼlumotlarni raqamlashtirib borishini taʼminlash.
- Ish haqi toʻlovlarini kuzatib borish. Tashkilot tomonidan rasmiy shaklda ish haqi toʻlanayotganligiga eʼtibor berish muhimdir. Bunda, xodimga hisoblangan ish haqi, haqiqatan qoʻliga oladigan ish haqi, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari, jamgʻarib borilayotgan pensiya uchun oʻtkazilayotgan mablagʻlar va boshqalarni doimiy ravishda tekshirib borish kerak boʻladi.
- Norasmiy faoliyatda oʻzini band qilish. Agar mehnat faoliyati norasmiy boʻlsa, oʻzini-oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtib, ijtimoiy soliq toʻlash orqali ish stajini oshirib borish mumkin.
- Qonunchilikdan xabardorlik. Pensiya qonunchiligidagi yangiliklar va oʻzgarishlarni muntazam kuzatib borish lozim.
- Raqamlashtirilgan maʼlumotlarni yaratish. Hozirda mehnat faoliyatini yuritmayotganlar esa, mehnat daftarchasidagi maʼlumotlarni raqamlashtirishni soʻrab, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga murojaat qilishi lozim.
Rasmiy mehnat faoliyati va toʻgʻri tayyorgarlik pensiya yoshiga yetganda yuqori miqdorda pensiya taʼminotini kafolatlaydi. Pensiya masalalari boʻyicha savollar yuzasidan 1271 raqamli Call markaziga murojaat qilish yoki my.gov.uz portalidan foydalanish tavsiya etiladi.