Yanvarda oʻzbekistonliklarning inflyatsion kutilmalari pasaydi
Yanvar oyida inflyatsion inflyatsion kutilmalari pasayib, kelgusi 12 oy uchun oʻrtacha prognoz 11,2%ni tashkil etdi. Eng yuqori kutilmalar Toshkentda qayd etilgan boʻlsa, asosiy omil sifatida kommunal tariflar oshishi koʻp tilga olingan.

2026 yil boshiga kelib inflyatsion inflyatsion kutilmalari yana pasayishni boshladi. Bu haqda Markaziy bank oʻtkazgan soʻrovnomalarda keltirib oʻtilgan.
Kelgusi 12 oy uchun narxlar oʻsishi boʻyicha oʻrtacha prognoz 0,3 foiz punktga kamayib, 11,2%ni tashkil etdi. Median koʻrsatkich esa koʻp oylik minimumni yangilab, 9,5%ga tushdi (-0,4 foiz punkt).

Hududlar kesimida Toshkent inflyatsiya kutilmalari boʻyicha reytingda yetakchilikni saqlab qoldi — 12,7%. Undan keyingi oʻrinlarda Fargʻona viloyati (12,3%) va Qoraqalpogʻiston (12,1%) turibdi. Eng past baholar Navoiy (9,5%), Surxondaryo (9,9%) va Xorazm (10%) aholisi tomonidan bildirildi.
Kasblar boʻyicha eng yuqori prognozlar davlat xizmatchilarida (13%), tibbiyot xodimlarida (12,8%) va sanoat ishchilarida (12,6%) kuzatildi. Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi xodimlari (9,4%), savdo sohasi (9,6%) va turizm biznesi (9,9%) nisbatan optimistik baholar berdi.
Daromadlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich oyiga 30 mln soʻmdan ortiq daromad oluvchilar orasida qayd etildi — 16,1%. 20–30 mln soʻm daromadga ega fuqarolar oʻrtacha 14,5%ni, 15–20 mln soʻmlik guruh esa 13,5%ni koʻrsatdi. 2–4 mln soʻm daromad oluvchilarning prognozi esa 9,6% boʻldi.
Prognozlarga taʼsir qiluvchi omillar orasida birinchi oʻrinda kommunal tariflarning oshishi qolmoqda — uni respondentlarning 48%i tilga olgan. Shuningdek, energiya resurslari narxlari (47%) va transport xarajatlari (30%) top-3ga kirdi. Dekabrga nisbatan valyuta kursining tebranishlari biroz koʻproq qayd etildi — 24% (avval 23%).

Tadbirkorlar orasida kutilayotgan inflyatsiya darajasi 10,8%ni tashkil etdi va dekabrga nisbatan 0,3 foiz punktga kamaydi. Biroq median koʻrsatkich biroz oshib, 9,8%ga yetdi.
Hududlar boʻyicha birinchi oʻrinni Surxondaryo egalladi — 11,6%. Keyingi oʻrinlarda Qashqadaryo va Qoraqalpogʻiston (11,1%) turibdi. Toshkent esa toʻrtinchi oʻringa tushib, 11% koʻrsatkich qayd etdi. Eng past prognozlar Toshkent viloyati (10,1%), Buxoro (10,3%) va Namangan (10,4%)da kuzatildi.
Faoliyat sohalari boʻyicha eng yuqori inflyatsion kutilmalar yuk tashish (12,8%), taʼlim (12,7%) va IT (11,8%) sohalarida qayd etildi. Agrobiznes va savdo vakillari esa eng past bahoni berdi — 9,8%.
Biznes prognozlariga taʼsir qiluvchi omillar orasida energiya tashuvchilar xarajatlarining oshishi birinchi oʻringa chiqdi — 44%. Bu koʻrsatkich uy-joy kommunal xizmatlari tariflarining oshishidan (43%) ham yuqori boʻldi. Transport xarajatlari (35%) biroz kamroq tilga olingan boʻlsa, valyuta kursi dinamikasi (26%) esa koʻproq qayd etildi.









