11 969.660 so‘m

decrease

-32.050

13 927.900 so‘m

decrease

-56.490

152.560 so‘m

decrease

-0.310

11 969.660 so‘m

decrease

-32.050

13 soat avval
Texnologiya
39

Yangi iPhone 17e haqida: Dynamic Island, A19 chip va oʻzgarmagan 60 Hz displey

iPhone 17e’ning boshlangʻich narxi 599 dollar boʻlishi prognoz qilinmoqda. Model iPhone 15 dizayni asosida ishlab chiqilib, Dynamic Island va A19 chip bilan taqdim etiladi. Displey yangilanish chastotasi esa Apple’ning byudjet strategiyasi sabab 60 Hz boʻlib qoladi.

Yangi iPhone 17e haqida: Dynamic Island, A19 chip va oʻzgarmagan 60 Hz displey
Foto: AI/Pinkod.uz

Xitoylik insayder Digital Chat Station bergan maʼlumotlarga koʻra, Apple iPhone 17e modelida ilk bor klassik notchdan voz kechib, Dynamic Island dizayniga oʻtadi. Shu bilan birga, qurilma 60 Hz yangilanish chastotasiga ega displeyni saqlab qoladi. Byudjet segmentiga mansub ushbu iPhone 2026 yil fevral oyidayoq taqdim etilishi mumkin.

iPhone 17e 6,1 dyuymli LTPS OLED ekran bilan jihozlanadi. Displey yangilanish chastotasi 60 Hz boʻlib qoladi — bu avvalgi iPhone 16e modeli bilan bir xil. Apple bu qaror orqali qurilma tannarxini past darajada ushlab turishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, Dynamic Islandʼning qoʻshilishi Appleʼning butun iPhone qatorida yagona, zamonaviy dizaynni saqlash istagini koʻrsatadi.

Qurilmaning ishlashi A19 protsessori orqali taʼminlanadi. Ushbu chip TCMC’ning 3 nanometrli N3P texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan boʻlib, iPhone 16e’dagi A18 chipiga nisbatan 5–10 foizga tezroq ishlaydi. Ayrim manbalarga koʻra, Apple byudjet model uchun A19’ni biroz cheklangan chastotada ishlatishi mumkin. Natijada uning real unumdorligi A17 Pro darajasiga yaqin boʻlishi ehtimoli bor.

Muhim yangiliklardan biri — iPhone 17e dizayni endi iPhone 14 emas, balki iPhone 15 arxitekturasi asosida quriladi. Bu esa Dynamic Island’ni qoʻllab-quvvatlash bilan birga, yanada ingichka ramkalar paydo boʻlishiga ham yoʻl ochadi. Eslatib oʻtamiz, iPhone 16e 2022 yilda taqdim etilgan iPhone 14 dizaynini deyarli oʻzgartirmagan edi.

Mish-mishlarga koʻra, iPhone 17e nihoyat MagSafe texnologiyasiga ega boʻlishi mumkin. Bu iPhone 16eʼdagi eng koʻp tanqid qilingan kamchiliklardan biri edi. Garchi Digital Chat Station bu funksiyani rasman tasdiqlamagan boʻlsa-da, MagSafe va simsiz quvvatlash qoʻllab-quvvatlansa, qurilma Apple’ning aksessuar ekotizimiga toʻliqroq moslashadi. Kamera qismida esa oʻzgarish kutilmayapti: 12 megapikselli old kamera va 48 megapikselli asosiy kamera saqlanib qoladi.

Aloqa texnologiyalari borasida Apple yana tejamkor yoʻlni tanlagan. iPhone 17e C1 yoki C1X 5G modem bilan chiqadi va yangi N1 simsiz texnologiyasi faqat qimmatroq modellarga qoldiriladi. Bu Apple’ning byudjet va premium modellari oʻrtasidagi farqni aniq saqlab qolish siyosatiga mos keladi. Shunga qaramay, Face ID yuz orqali qulfni ochish tizimi oʻz oʻrnida qoladi.

Taqdimot sanasi boʻyicha maʼlumotlar 2026 yil boshini, aniqrogʻi fevral oyini koʻrsatmoqda. Bu iPhone 16e’ning 2025 yil fevral oyida taqdim etilganiga juda oʻxshaydi. Ayrim manbalarga koʻra, iPhone 17e’ning ommaviy ishlab chiqarilishi CES 2026 tadbiridan soʻng boshlangan.

Narx masalasida ham katta oʻzgarish kutilmayapti. iPhone 17e’ning boshlangʻich narxi 599 dollar atrofida boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, Apple asosiy xotirani 256 GB’ga oshirib, narxni oʻzgartirmasligi ham ehtimoldan xoli emas. Bu foydalanuvchilar uchun jiddiy ustunlik boʻlishi mumkin.

Insayderlarning taʼkidlashicha, iPhone 17e savdosi iPhone 16e’dan ham muvaffaqiyatliroq boʻlishi mumkin. Maʼlumotlarga koʻra, iPhone 16e 2025 yil mart oyida dunyodagi eng koʻp sotilgan smartfonlar orasida 6-oʻrinni egallagan. Zamonaviy dizayn, Dynamic Island va Apple’ning eng arzon iPhone modeli maqomi yangi qurilmaga yuqori talab keltirishi kutilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+