Yangi iPhone 17 modellarini Oʻzbekistonga olib kirish qanchaga tushadi?
Bojxona qoʻmitasi mobil qurilmalarni mamlakatga olib kirish tartibini iPhone 17 modellari misolida tushuntirdi.

Bojxona qoʻmitasi jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona toʻlovlari boʻyicha eng koʻp berilayotgan savollarga rasmiy izoh berdi.
Hukumat qaroriga koʻra, shaxsiy ehtiyoj uchun Oʻzbekistonga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari quyidagicha belgilangan:
- Havo transportida — 1000 AQSh dollari,
- Temir yoʻl va daryo transportida — 500 AQSh dollari,
- Avtomobil (piyoda) oʻtkazish punktlari orqali — 300 AQSh dollari.
Bojsiz norma miqdoridan oshgan qismga 30 foiz miqdorida bojxona toʻlovi undiriladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi qaroriga asosan bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini rasmiylashtirish uchun BHMning 25 foizi (103 ming soʻm) miqdorida yigʻim olinadi.
Bojxona qiymatini aniqlash tartibi
Mobil qurilmaning bojxona qiymati xarid cheklari, kvitansiyalar yoki boshqa tijorat hujjatlari asosida belgilanadi. Agar bunday hujjatlar taqdim etilmasa, bojxona organlari qiymatni mustaqil ravishda aniqlaydi. Bunda ular:
- elektron bazalardagi bojxona deklaratsiyalari maʼlumotlari,
- ishlab chiqaruvchilarning rasmiy saytlari va prays-varagʻlari,
- boshqa ishonchli manbalardan olingan narxlardan foydalanadi.
iPhone 17 misolida tushuntirish
Qoʻmita bu tartibni koʻpchilik qiziqayotgan iPhone 17 misolida tushuntirdi. Mobil qurilmaning bojxona qiymati xarid hujjatlariga asoslanadi. Agar xarid cheki boʻlmasa, narx Apple kompaniyasining fuqaro kelayotgan davlatdagi rasmiy veb-saytida koʻrsatilgan qiymatga muvofiq belgilanadi.
Masalan, BAAdan olib kirilayotgan iPhone 17 Pro Max (256 GB) narxi mamlakatda 5 099 dirhamni tashkil etadi. Bu taxminan — 1388,2 AQSh dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, bojxona qiymati ham shu summa asosida hisoblanadi.
Qoʻmita maʼlum qilishicha, telefonlarning bojxona qiymati ular olib kirilayotgan davlatlardagi narxlar boʻyicha belgilanadi. Shu bois, iPhone 17’ni AQSh, BAA, Janubiy Koreya yoki Xitoydan olib kirishda toʻlovlar miqdori farq qiladi. Qoʻmita eng koʻp olib kirilayotgan davlatlar kesimida bojxona qiymati boʻyicha maʼlumotlarni muntazam eʼlon qilib boradi.

Qurilmalarni olib kirish tartibi
Havo transporti orqali kelayotgan jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoj uchun 2 dona mobil qurilmani olib kirish huquqiga ega. Bu qurilmalar yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilishi shart. Mazkur deklaratsiya keyinchalik mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazishda asos boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil sentabr oyi boshida Apple kompaniyasi yangi iPhone 17 smartfonlarini taqdim etdi. Rasmiy narxlar quyidagicha:
- iPhone 17 — 799 $,
- iPhone Air — 999 $,
- iPhone 17 Pro — 1099 $,
- iPhone 17 Pro Max — 1199 $.