Yangi IOS 26’dagi eng muhim yangilik va oʻzgarishlar
Apple yangi iOS bilan birga “Liquid Glass” deb atalgan innovatsion dizayn konsepsiyasini taqdim etdi.
Bu kompaniya uchun 2013 yilda iOS 7 chiqarilganidan beri eng katta vizual yangilanish hisoblanadi.
Yangilanish, shuningdek, “Apple Intelligence” bilan bogʻliq yangi imkoniyatlar va yaxshilanishlarni ham oʻz ichiga oladi.

Apple 9 iyun kuni boʻlib oʻtgan WWDC tadbirida yangi dasturiy taʼminotlarini taqdim etdi.
iOS operatsion tizimining navbatdagi versiyasi avval taxmin qilinganidek iOS 26 deb nomlandi. Bu nomlash tizimi yil ketma-ketligiga asoslangan boʻlib, iPadOS, macOS, visionOS kabi boshqa Apple tizimlarida ham xuddi shunday tamoyil qoʻllanilgan. Kompaniyaning aytishicha, bu oʻzgarish foydalanuvchilardagi chalkashlikni kamaytirish uchun amalga oshirilgan.
Liquid Glass
iOS 26 Apple tomonidan iOS 7’dan beri taqdim etilgan eng yirik dizayn yangilanishidir. Yangi dizayn konsepsiyasi “Liquid Glass” (suyuq oyna) deb nomlanadi va kompaniya bu uslub keyingi oʻn yillik iOS dizaynining asosiga aylanishini taʼkidladi.

Liquid Glass — foydalanuvchining atrof-muhitini aks ettiruvchi va unga moslasha oladigan grafik effekt boʻlib, interfeys elementlariga chuqurlik va dinamizm baxsh etadi. Bu dizayn barcha asosiy tizim elementlariga – tugmalar, vidjetlar, ilova belgilar, menyular va navigatsiya paneligacha tatbiq etilgan. U yorugʻlik va qorongʻulik sharoitlariga moslasha oladi, harakatga mos ravishda nurlar va akslarni oʻzgartiradi.
iOS 26’ning yangi koʻrinishi Apple ilovalari, bildirishnomalar, boshqaruv markazi va hatto qulflangan ekran dizaynida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Apple ishlab chiquvchilarga ham Liquid Glass dizaynidan oʻz ilovalarida foydalanish uchun yangi vositalar taqdim etmoqda. Bu element iPadOS 26, macOS Tahoe, visionOS 26, tvOS 26 va watchOS 26’da ham joriy etiladi.
Yangi dizayn faqatgina estetik koʻrinishni emas, balki interfeys funksionalligi ham yangilaydi. Menyular, boshqaruv elementlari va oynalar endilikda yanada silliq va yumaloq burchaklarga ega. Ilovalardagi ustun menyular esa kontekstga qarab shaklini dinamik tarzda oʻzgartira oladi.

Apple kamera ilovasining joylashuvini soddalashtirilgan navigatsiya bilan optimallashtirdi. Unda surat va video almashtirgichlari mavjud boʻlib, boshqa parametrlar tugmani bosish orqali ochiluvchi menyular ortida joylashgan. Apple, shuningdek, Kutubxona va Toʻplamlar koʻrinishlari uchun alohida yorliqlarni qayta qoʻshish maqsadida Suratlar ilovasini ham yangiladi. Suratlar ilovasida istalgan tasvir uchun Fazoviy sahna funksiyasini faollashtirish orqali rasmning noyob uch oʻlchovli koʻrinishini olish imkoniyati mavjud.
Kamera, Fotosuratlar, Safari, FaceTime, Apple Music va Apple Podcasts ilovalari yangilangan dizaynni qoʻllab-quvvatlaydi. Qulflangan ekranda suyuq oynali vaqt koʻrsatkichi fon rasmi ustiga kengayib-torayib joylashadi. Bosh ekranda esa chuqurlik effektiga ega vidjetlar va belgilar koʻrinadi. Shuningdek, qulflangan ekranda 3D effektga ega fazoviy fon rasmlari funksiyasi ham mavjud.
Apple Intelligence
Apple yangi dizayn bilan bir qatorda iPhone’da mavjud boʻlgan Apple Intelligence xususiyatlarini kengaytirmoqda. Xabarlar, FaceTime va Telefon ilovalarida boshqa tilda soʻzlashuvchi kishi bilan muloqot qilayotganda suhbatlarni avtomatik ravishda tarjima qilish uchun Jonli Tarjima xizmati qoʻllab-quvvatlanadi.

Vizual Intellekt endilikda ekranda nima borligini anglaydi va ChatGPT integratsiyasi orqali koʻrayotgan narsalar haqidagi savollarga javob bera oladi. Bu xususiyat mahsulotlarni topish, taqvimga tadbirlarni qoʻshish va boshqa koʻplab vazifalarni bajarishda yordam beradi. Rasmlar maydonchasi ChatGPT yordamida turli uslublarda rasmlar yaratishni qoʻllab-quvvatlaydi. Genmoji esa yangi emojini hosil qilish uchun bir necha emoji belgilarini birlashtirish va tavsiflar qoʻshish orqali butunlay yangi emoji belgisini yaratish imkonini beruvchi yangi xususiyatga ega.

Shortcuts ilovasi matnni umumlashtirish, rasmlar yaratish yoki Apple Intelligence modellaridan foydalanish kabi aqlli harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa avtomatlashtirish jarayonlarini yaratishni har qachongidan ham osonlashtiradi. Eslatmalar xatlar asosida vazifalar, oziq-ovqat mahsulotlari va kuzatuvlarni taklif qilishi, shuningdek, tegishli eslatmalarni avtomatik ravishda boʻlimlarga ajratishi mumkin.
Telefon va audio tajribalardagi yangiliklar
Telefon ilovasida yangilangan interfeys: Saralanganlar, Soʻnggi chaqiruvlar va Ovozli xabarlar yagona sahifada jamlangan. Yangi Chaqiruvlarni tekshirish funksiyasi nomaʼlum raqamlardan chaqiruv sababini aniqlab beradi. Hold Assist esa kutush rejimida operatorning javob berishini siz uchun kuzatib boradi.
.jpg)
Apple Games ilovasi oʻyinlarni topish, tavsiyalar olish va doʻstlar bilan musobaqalashish uchun yagona markaz boʻladi.

AirPods 4 va AirPods Pro 2 iOS 26’da studiya sifatidagi ovoz yozishni, video va qoʻngʻiroqlarda yaxshillangan audio sifatni taʼminlaydi. AirPods’larni suratga olish yoki video yozish tugmasi sifatida ishlatish ham mumkin. Adaptive Power funksiyasi esa batareya sarfini sunʼiy intellekt orqali optimallashtirib, ekran yorqinligini moslashtiradi.
Qachon va qaysi qurilmalarda mavjud?
iOS 26 hozircha faqat ishlab chiquvchilar uchun mavjud. Ommabop beta versiyasi iyul oyida chiqadi, toʻliq versiya esa sentabrda yangi iPhone’lar bilan birga chiqariladi.
Quyidagi modellarda iOS 26 qoʻllab-quvvatlanadi:
- iPhone 16e, 16, 16 Plus, 16 Pro, 16 Pro Max
- iPhone 15, 15 Plus, 15 Pro, 15 Pro Max
- iPhone 14, 14 Plus, 14 Pro, 14 Pro Max
- iPhone 13, 13 mini, 13 Pro, 13 Pro Max
- iPhone 12, 12 mini, 12 Pro, 12 Pro Max
- iPhone 11, 11 Pro, 11 Pro Max
iPhone XR, XS va XS Max esa bu yangilanishni qabul qilmaydi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Apple Intelligence funksiyalari faqat iPhone 15 Pro, 16 liniyasidagi barcha modellar va iPhone 16e da ishlaydi.