Yakunlanmayotgan Click bitimi va rekord oʻsish: 2025 yil Oʻzbekistonda startap ekotizimi qanday oʻzgardi?
2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston startap ekotizimining umumiy qiymati 3,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq yil davomidagi investitsiyalarning qariyb yarmi Click va Halyk Bank oʻrtasidagi hali ham regulyator tasdigʻini kutayotgan bitimga toʻgʻri kelmoqda.

2025 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston startap ekotizimining umumiy qiymati 3,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda IT Park Uzbekistan tomonidan eʼlon qilingan hisobotda maʼlum qilingan.
Ayni paytda Oʻzbekistonda qiymati 1 mlrd dollardan oshgan ikki texnologik kompaniya mavjud. Ulardan Uzum 2024 yil mart oyida, TBC Bank esa 2025 yilda Unicorn (yakkashoh) maqomiga erishgan.

2025 yilning oʻzida mamlakatda yana 250 ta yangi startap paydo boʻldi. Yil davomida amalga oshirilgan investitsiya bitimlari soni 140 taga yetdi. Bu koʻrsatkich avvalgi yilga nisbatan 411 foizga koʻproq boʻlib, Oʻzbekiston startap bozorida investorlar faolligi sezilarli darajada oshganini koʻrsatadi.
Hisobotga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekiston startap ekotizimiga jami 329 mln dollar investitsiya kiritilgan. Biroq ushbu mablagʻning qariyb yarmi hali yakunlanmagan bitta yirik bitim bilan bogʻliq.
Gap Click va Halyk Bank oʻrtasidagi $153 mln miqdoridagi kelishuv haqida bormoqda. Mazkur bitim qariyb 7 oydan beri Oʻzbekistondagi regulyatorlar tasdigʻini kutmoqda.

Jarayon shundaki, Oʻzbekiston Markaziy banki ushbu bitimni tasdiqlashi uchun avvalo Raqobat qoʻmitasi rozilik berishi kerak. Biroq qonunchilikda belgilangan 2 oylik muddatga qaramay, jarayon choʻzilib ketgan. Qozogʻiston tomonidagi regulyator esa bitimni allaqachon tasdiqlab boʻlgan.
Agar ushbu bitim amalga oshmay qolsa, 2025 yilda Oʻzbekiston startap ekotizimiga kiritilgan investitsiyalar hajmi qariyb 46 foizga kamayib ketadi.

Kiritilayotgan investitsiyalarning asosiy qismi xorijiy investorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Jami sarmoyaning 89,18 foizi ($293 mln) tashqi investorlar tomonidan kiritilgan. Bitta bitimning oʻrtacha hajmi $18,34 mlnni tashkil etadi.
Eng yirik investitsiyalar qatorida Halyk Bank tomonidan kiritilgan $176,4 mln hamda Tencent va FinSight tomonidan kiritilgan $115 mln bor.
Mahalliy investorlar hissasi esa jami sarmoyaning 10,82 foizini yoki $35 mlnni tashkil etadi. Mahalliy bozorda oʻrtacha bitim hajmi $285 mingga teng.
Ichki bozorda eng faol investorlar qatoriga $13,5 mln bilan angel investorlar, $7,1 mln bilan IT Park Ventures, $5,2 mln bilan AloqaVentures hamda $5 mln bilan TBC Bank kiradi.
Hisobot yana bir muhim tendensiyani ham koʻrsatadi: Oʻzbekistondagi startaplarning qariyb chorak qismi sunʼiy intellekt (AI) bilan bogʻliq loyihalarga toʻgʻri kelmoqda.









