Yagona QR-kod va naqd toʻlovlarga cheklovlar: yashirin iqtisodiyotga qarshi yangi choralar
2026 yil 1 apreldan ayrim toʻlovlar faqat bank kartalari va elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi. 1 iyuldan esa barcha savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlarida yagona QR-kod orqali toʻlov qabul qilish majburiy boʻladi. Bu choralar yashirin iqtisodiyot ulushini sezilarli qisqartirishni maqsad qiladi.

Prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatda 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan.
Xususan, yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 1,3 baravarga qisqartirilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aholi tomonidan naqd pulsiz toʻlovlar ulushi 75 foizga yetkaziladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab ayrim toʻlovlar faqat bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Ularga quyidagilar kiradi:
- davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun toʻlovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi;
- yoqilgʻi quyish shoxobchalarida aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;
- qiymati 25 million soʻmdan yuqori boʻlgan tovar va xizmatlar;
- koʻchmas mulk obʼektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransportlarni sotish va xarid qilish.
Shuningdek, hujjat bilan Markaziy bankka 2026 yilgacha barcha savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar uchun elektron toʻlovlarni qabul qilishda yagona QR-kod tizimini joriy etish topshirildi.
Soliq qoʻmitasi esa regulyator bilan hamkorlikda 1 yanvardan boshlab tadbirkorlar banklar tomonidan generatsiya qilinadigan yagona QR-kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilishini taʼminlash choralarini koʻradi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab savdo va xizmat koʻrsatish sohasida yagona QR-kod orqali toʻlovlarni qabul qilish majburiy boʻladi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.









