Xoʻsh, qaysi biri iPhone?
Yangi One UI 7 beta rostdan ham Galaxy’larni Iphone’lashtirmoqdami?
Dekabr oyining boshida Samsung uzoq kutilgan yangilikni eʼlon qildi. Kompaniya bu oyda Android 15 asosidagi yangi One UI 7 beta versiyasini taqdim etdi. Ushbu yangilanish interfeys, ilova ikonkalari va boshqa koʻplab oʻzgarishlarni oʻz ichiga oladi. Biroq, internet foydalanuvchilari va Phone Arena kabi nashrlar yangi tizimdagi oʻzgarishlar Samsung’ni qandaydir maʼnoda Apple’ning iOS dasturiy taʼminotiga oʻxshatib borayotganini taʼkidladi. Quyida biz aynan ushbu yangiliklarni koʻrib chiqamiz.
Now Bar = Dynamic Island
Yangi One UI 7 tizimida jonli bildirishnomalar (Now Bar) paydo boʻldi. Ular dinamik mini-vidjetlar koʻrinishida boʻlib, ayni paytdagi vazifalarni qulay tarzda koʻrsatadi. Masalan, taymerlar, ovoz yozish, musiqa boshqaruvi, quvvatlash jarayoni va boshqa funksiyalar.
Bu Apple’ning Dynamic Island funksiyasiga juda oʻxshash, lekin Samsung ushbu gʻoyaga oʻz yondashuvini qoʻshgan:
- Now Bar qulf ekranning pastki qismida joylashadi, bu esa bosh barmoq yordamida oson boshqarishni taʼminlaydi.
- Telefon qulfdan chiqarilganda yuqori chap burchakda jonli bildirishnomalar tugmasi paydo boʻladi. Ushbu tugmani bosish bilan Now Bar ekranning yuqori qismiga kengayadi.
Shunday boʻlsada panelning koʻp xususiyatlari Apple’ning Dynamic Islandi’ga oʻxshashdir.
Tezkor sozlamalar paneli
Tezkor sozlamalar paneli toʻliq qayta ishlangan va endi yanada zamonaviy koʻrinishga ega.
- Panel vidjetlar va guruhlarni qayta tartiblash yoki hajmini oʻzgartirish imkonini beradi.
- iOS tizimida boʻlgani kabi yuqori oʻng burchakdan bir marta pastga surish orqali tezkor sozlamalar paneliga darhol kirish mumkin.
Bu oʻzgarish avvalgi versiyalarda mavjud boʻlsa ham, asosiy sozlama sifatida ishlatilmagani tufayli endi buni haqiqiy yangilik deb atash mumkin. Umuman olganda, buni nusxa olish emas, balki foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan yondashuv sifatida baholash toʻgʻri boʻladi.
Xoʻsh, qaysi biri Iphone?
Yangi One UI 7 qulf ekrani, shubhasiz, kuchli iOS xususiyatiga ega. Ayniqsa, biz iOS 17 dan boshlab koʻrishga odatlangan katta soat beliglari Samsung yangilanishida ham mavjud. Endi bunga iOS’dagidek katta vidjetlarni qoʻshing va ekranni skrinshot qiling. Skrinshotni istalgan tanishingizga koʻrsatib koʻring, katta ehtimol bilan ular qaysi biri Iphone ekanligini ajratishga ikkilanishadi.
Musiqa vidjeti
Ekran qulfidan uzoqlashmaymiz, telefon qulfda boʻlganda musiqa tinglasangiz, butun fon rasmi albom muqovasiga oʻzgaradi, ekran pastki qismida esa musiqa boshqaruv tugmalari qulay joylashgan boʻladi. Qaysi dasturiy taʼminot haqida gaplashayotganimiz haqida ikkilanayotgan boʻlsangiz, biz ikkala tizim haqida gaplashyapmiz. Bundan avvalgi One UI musiqa tinglanayotgan paytda faqat toʻrtburchak shaklidagi bildirishnomani koʻrsatardi, unda esa albom muqovasi qirqilgan holda chiqar edi. Yangi uslub koʻproq eʼtiborni tortishi mumkin, lekin shubhasiz, bu iPhone’larda ilgariroq ishlatilib kelgan interfeysdan olingan tajribadir.
Batteriya ikonkasi
One UI 7’da batareya ikonkasi yon tomonga aylangan va foiz raqamlari uning ichida koʻrsatiladi. Ikonkaning shakli va quvvat olayotganda yashil rangda yongan koʻrinishi iOS uslubi bilan deyarli bir xil.
Samsung’dagi mazkur oʻzgarishlarni butkul yomon deb boʻlmaydi. Zero Apple asoschisi Stiv Jobs aytganidek,
“Yaxshi ijodkorlar koʻchiradi, buyuklari esa oʻgʻirlaydi”.
Maʼlumot oʻrnida, yangi OneUI 7 beta hozirda faqatgina Germaniya, AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Polsha, Hindiston va Xitoydagina sinov tariqasida taqdim etilgan.