“Xonadon xaridida shartnoma bandlariga eʼtibor bering” — Raqobat qoʻmitasi fuqarolarni ogohlantirdi
Qoʻmitaning taʼkidlashicha, ayrim qurilish tashkilotlari shartnomalarga isteʼmolchilar huquqlarini cheklovchi bandlarni kiritmoqda. Shu bois fuqarolarga bunday shartlarga rozi boʻlmaslik, zarurat tugʻilganda esa sudga murojaat qilish tavsiya etildi.

Raqobat qoʻmitasi fuqarolarga yangi qurilayotgan uy-joylardan xonadon xarid qilishda ehtiyotkor boʻlishni tavsiya qildi.
Qoʻmita matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, xonadon xarid qilishdan oldin tuziladigan shartnomaning barcha bandlarini diqqat bilan oʻrganib chiqish zarur. Agar huquqiy bilim yetarli boʻlmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali huquqiy oqibatlarni toʻliq tushunib olish tavsiya etiladi.
Shuningdek, agar shartnomada qonunchilik normalariga zid yoki isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi bandlar mavjud boʻlsa, bunday holat yuzasidan belgilangan tartibda sudga yoki vakolatli davlat organlariga murojaat qilish mumkinligi eslatib oʻtildi.
Fuqarolar murojaatlari koʻpaymoqda
Qoʻmita koʻmagi bilan 8 nafar fuqaroning qurilish tashkilotlari bilan tuzgan shartnomalari bekor qilingan, asossiz jarimalar qoʻllanishiga yoʻl qoʻyilmagan va ularga 1,5 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ qaytarib berilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 8 oyi davomida Raqobat qoʻmitasiga koʻp qavatli uy-joy qurilishi va sotib olish masalalari boʻyicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularda asosan uy-joylarni oʻz vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik, reklama va eʼlonlarda vaʼda qilingan loyihalarga amal qilmaslik kabi muammolar koʻtarilgan.
Ayrim qurilish kompaniyalari shartnomaga noqonuniy bandlarni kiritmoqda
Shuningdek, murojaatlar tahlili jarayonida ayrim qurilish kompaniyalari shartnomalarga qonunga zid bandlarni kiritayotgani aniqlangan. Jumladan, koʻplab shartnomalarda “agar isteʼmolchi shartnomani oʻz tashabbusi bilan bekor qilsa, qurilish tashkiloti isteʼmolchi tomonidan toʻlangan mablagʻning yoki shartnoma qiymatining 10 foizini jarima sifatida ushlab qoladi” degan bandlar mavjud.
Amalda bunday shartlar qonunchilikka zid hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 385-moddasiga koʻra, shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina kompensatsiya undirilishi mumkin.
14-moddaga muvofiq, zarar tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida belgilanadi. Amaliyotda esa isteʼmolchi shartnomani bekor qilganida qurilish tashkilotiga odatda zarar yetmaydi. Chunki koʻp qavatli uylar tipik loyiha asosida qurilib, boshqa xaridorlarga bemalol sotilishi mumkin. Bundan tashqari, uy-joylarga talab yuqori va narxlar muntazam oshib borayotgani sababli qurilish kompaniyalari koʻpincha foyda olishda davom etadi.
Fuqarolik kodeksining 260-moddasida ham neustoyka (jarima yoki penya) faqat qarzdor majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda qoʻllanishi mumkinligi belgilangan. Odatda isteʼmolchi oʻz toʻlov majburiyatlarini oʻz vaqtida bajaradi, biroq qurilish tashkiloti uy-joyni topshirgunga qadar qarzdor maqomida qoladi. Shu bois isteʼmolchi tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi.
“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 21-moddasiga koʻra, isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi va qonunga zid shartlar haqiqiy emas, 23-moddasida esa isteʼmolchilarning ustuvor huquqlari kafolatlangan. Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 9-moddasida tadbirkorlar raqobat hamda isteʼmolchilar huquqlariga oid qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilishi shartligi belgilangan.