12 021.220 so‘m

decrease

-54.960

13 978.270 so‘m

decrease

-16.820

169.530 so‘m

increase

0.060

12 021.220 so‘m

decrease

-54.960

7 soat avval
Iqtisodiyot
48

Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bir yilda 44,7 foizga koʻpaydi

2026 yil 1 may holatiga koʻra, Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 19 490 taga yetdi. Ularning eng koʻpi Xitoy investorlariga tegishli boʻlib, bunday kompaniyalar soni 5 615 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinlarda Rossiya 3 308 ta, Turkiya 2 216 ta, Qozogʻiston 1 259 ta va Janubiy Koreya 721 ta kompaniya bilan qayd etilgan.

Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bir yilda 44,7 foizga koʻpaydi
Foto: AI/Pinkod.uz

2026 yil 1 may holatiga koʻra, Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 19 490 taga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlarida keltirib oʻtilgan. 

Yil boshidan buyon oʻtgan toʻrt oyda ularning soni 1 326 taga yoki 7,3 foizga koʻpaygan. Yillik hisobda esa oʻsish qariyb 3,5 mingta kompaniya yoki 21,7 foizni tashkil etdi.

Korxonalarning asosiy qismi toʻligʻicha xorijiy taʼsischilarga tegishli. May oyi boshida bunday korxonalar soni 15 063 taga yetgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan qariyb 26 foizga koʻp. Shu bilan birga, qoʻshma korxonalar soni ham bosqichma-bosqich oshib, 4 427 tani tashkil qilgan.

Davlatlar kesimida Xitoy boshqa mamlakatlardan ancha oldinda bormoqda. Hozirda Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 5 615 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu yil boshiga nisbatan 571 taga, oʻtgan yilning may oyiga qaraganda esa 1 735 taga yoki 44,7 foizga koʻp.

Taqqoslash uchun, Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni bir yil ichida 8,4 foizga oshib, 3 308 taga yetgan. Shunga qaramay, Rossiya qoʻshma korxonalar soni boʻyicha yetakchilikni saqlab qolmoqda: Xitoy kapitali ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni 788 ta boʻlsa, Rossiya boʻyicha bu koʻrsatkich 909 tani tashkil etadi.

Kuchli uchlikdan Turkiya ham joy olgan. Turkiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 2 216 taga yetdi. Bu yanvar oyidagi koʻrsatkichdan 79 taga, oʻtgan yilgi darajadan esa 252 taga yoki 12,8 foizga koʻp. Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi firmalar soni ham bir yilda 13 foizga oshib, 1 259 taga yetgan.

Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 721 tani tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning may oyiga nisbatan 8,4 foizga, yil boshiga qaraganda esa 4 foizga koʻp. Oltinchi oʻrinni 656 ta firma bilan Afgʻoniston egallagan boʻlsa, keyingi pogʻonada 452 ta kompaniya bilan Ozarbayjon qayd etilgan.

Shuningdek, yetakchi oʻntalikka Tojikiston — 437 ta, BAA — 427 ta, Hindiston — 405 ta kompaniya bilan kirgan. Avvalroq oʻninchi oʻrinda boʻlgan AQSh esa 356 ta firma bilan 12-pogʻonaga tushgan.

Xorijiy investorlarni eng koʻp qiziqtirayotgan yoʻnalish savdo sohasi boʻlib qolmoqda. Ushbu sohada xorijiy kapital ishtirokidagi qariyb 7 mingta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 3,86 mingta firma sanoat, 1 598 tasi qurilish, 1 536 tasi esa axborot va aloqa sohasida ishlamoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+