Xalq bankining 26,2 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi
Ulushlar Iqtisodiyot va moliya vazirligidan mazkur tashkilotga oʻtkazilgan.
Milliy investitsiya jamgʻarmasi boshqaruvi 1 may kuni Franklin Templeton investitsiya guruhiga topshirilgan edi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli boʻlgan Xalq bankining 26,2 foizlik ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi. Bu haqda Korporativ maʼlumotlar yagona portalida maʼlum qilingan.
Avvalroq, 2025 yil 1 may kuni Milliy investitsiya jamgʻarmasi boshqaruvi Franklin Templeton investitsiya guruhiga topshirilgan edi. Ushbu xalqaro kompaniya Oʻzbekistonning 1,7 milliard dollarlik davlat aktivlarini global moliya bozorlariga olib chiqish hamda xalqaro investorlarni jalb etishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, yana ikki bank — Mikrokreditbankning 40 foizlik va Biznesni rivojlantirish bankidagi 25 foizlik davlat ulushining bir qismini ham Jamgʻarma tarkibiga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Milliy investitsiya jamgʻarmasi haqida
Mazkur Jamgʻarma 2024 yil avgust oyida Prezident qaroriga asosan tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — Oʻzbekiston davlat aktivlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, ularni yetakchi xorijiy fond birjalarida joylashtirish hamda xalqaro investorlarni jalb qilishdan iborat.