Uzum Nasiya mikroqarzlarini beruvchi Tezcoin mikromoliya bozorining 36 foizini egalladi
Oʻzbekistondagi mikromoliya tashkilotlari aktivlari bir yil ichida deyarli ikki baravar oshib, 18,9 trln soʻmga yetdi. Shu fonda Tezcoin’ning oʻzi sektor aktivlarining qariyb 36 foizini, kredit portfelining esa 38 foizga yaqin qismini jamlagan.

Oʻzbekistonda mikromoliya bozori tez surʼatlarda oʻsishda davom etmoqda. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil 1-avgust holatiga mikromoliya tashkilotlarining jami aktivlari 18,9 trln soʻmga yetgan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 9,47 trln soʻm edi.
Shu tariqa, sektor aktivlari bir yil ichida qariyb ikki baravar oshgan. Mikromoliya tashkilotlarining sof kredit portfeli ham 8,67 trln soʻmdan 16,86 trln soʻmga yetib, 95 foizga oʻsgan.
Bozordagi eng yirik ishtirokchi Tezcoin boʻlib qolmoqda. Kompaniya aktivlari 2025-yil 1-avgustdagi 2,23 trln soʻmdan bir yil ichida 6,8 trln soʻmga yetgan. Bu 206 foizlik oʻsish degani.
Tezcoin’ning sof kredit portfeli ham 2,19 trln soʻmdan 6,37 trln soʻmga oshgan. Natijada kompaniya Oʻzbekistondagi mikromoliya tashkilotlari jami aktivlarining qariyb 36 foizini, kredit portfelining esa 37,8 foizini oʻzida jamlagan.
Taqqoslash uchun, 1-avgust holatiga Shaffof-Moliya aktivlari 1,78 trln soʻm, TBC Credit’niki 1,19 trln soʻm, Fortuna Biznes’niki esa 1,17 trln soʻmni tashkil etgan. Tezcoin aktivlari ushbu uch kompaniyaning jami aktivlaridan ham yuqori.
Tezcoin Uzum ekotizimidagi isteʼmol moliyasi xizmatlari bilan bogʻlangan. Uzum Bank rasmiy saytida Uzum Nasiya orqali beriladigan mikroqarzlar “Uzum Fintech Hub” va Tezcoin mikromoliya tashkiloti tomonidan taqdim etilishi koʻrsatilgan.
Uzum Bank orqali 25 mln soʻmgacha mikroqarz olish mumkin. Shu sabab Tezcoin aktivlari va kredit portfelining keskin oʻsishi Uzum ekotizimida boʻlib toʻlash va mikroqarz xizmatlarining kengayishi fonida yuz bermoqda.
2026-yil 1-avgust holatiga Markaziy bank statistikasida 138 ta mikromoliya tashkiloti qayd etilgan. Shunga qaramay, sektor aktivlarining uchdan biridan koʻprogʻi bitta kompaniya hissasiga toʻgʻri kelmoqda.









