UzNIF muvaffaqiyati ortidan “Uzbekistan Airways” xalqaro IPOga tayyorlanmoqda
“Uzbekistan Airways”ning 15–20 foiz aksiyasini 2026-yil yakunigacha xalqaro fond bozorida sotish rejalashtirilmoqda. Transformatsiya dasturi kompaniya qiymatini 1,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha oshirishni nazarda tutadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Uzbekistan Airways”ni transformatsiya qilish va xalqaro IPOga tayyorlash boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
“Franklin Templeton” mutaxassislari aviakompaniya faoliyatini oʻrganib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturini ishlab chiqqan. Hisob-kitoblarga koʻra, dastur toʻliq amalga oshirilsa, kompaniyaning yillik operatsion daromadi qoʻshimcha 120 mln dollarga oshishi mumkin.
Buning uchun aviakompaniya yoʻnalishlarini optimallashtirish, chiptalarning toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvini koʻpaytirish, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish hamda reyslarning kechikishi va bekor qilinishini kamaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, keytering va texnik xizmat koʻrsatuvchi korxonalar samaradorligini oshirish, xaridlar tizimini qayta koʻrib chiqish va samolyotlar parkini kengaytirish boʻyicha qarorlarni tezlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Mazkur choralar natijasida “Uzbekistan Airways”ning bozor qiymatini hozirgi 1,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha — qariyb 44 foizga oshirish imkoniyati borligi qayd etildi. Biroq transformatsiya dasturi ishlab chiqilganiga bir necha oy boʻlganiga qaramay, uning ijrosi sust ketayotgani tanqid qilindi.

2026 yil yakunigacha aviakompaniyaning 15–20 foiz aksiyasini xalqaro IPO orqali sotish maqsad qilingan. IPO oldidan kompaniyaning moliyaviy intizomini mustahkamlash, xalqaro hisobot standartlarini joriy etish, kredit reytingini yaxshilash va maxsus havo kemalarini kompaniya balansidan chiqarish belgilandi.
Yil boshidan Oʻzbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 27,5 foizga oshib, qariyb 5,5 mln nafarga yetgan. Ayniqsa, Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQShdan kelayotgan turistlar soni sezilarli koʻpaygan.
Shu bilan birga, milliy aviakompaniya yoʻlovchilar oqimidagi oʻsishga yetarlicha tez moslasha olmayotgani, jumladan, samolyotlar parkini kengaytirishda kechikishlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Prezident Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviaxabiga aylantirish uchun “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports” va “Yangi Toshkent” aeroporti faoliyatini yagona tizim asosida muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Bu jarayon Milliy investitsiya jamgʻarmasining (UzNIF) xalqaro kapital bozoridagi dastlabki muvaffaqiyatli joylashtiruvi ortidan amalga oshirilmoqda.
May oyida jamgʻarma ilk bor xalqaro bozorda 690 mln dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Joylashtirishda talab taklifdan toʻrt barobar yuqori boʻlib, yirik investorlar tomonidan qariyb 3 mlrd dollarlik buyurtmalar berildi.
Endi UzNIF portfelidagi 13 ta yirik kompaniyani transformatsiya qilish va IPOga tayyorlash koʻzda tutilgan. Jumladan, “Uzbekistan Airways”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzbekgidroenergo”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Oʻzbektelekom” boʻyicha ishlarni shu yilning oʻzida yakunlash rejalashtirilmoqda.









