Milliy investitsiya jamgʻarmasining ilk IPO’si qanday kechdi?
Davlat UzNIF’dagi 31 foizlik ulushini London va Toshkent fond birjalari orqali investorlarga sotib, qariyb 603,6 mln dollar jalb qildi. Joylashtirish natijasida jamgʻarma qiymati qariyb 1,95 mlrd dollarga baholandi.
Sotilgan ulushning qariyb 97 foizi London bozorida GDR shaklida, 3 foizga yaqini esa Toshkent fond birjasida oddiy aksiyalar koʻrinishida joylashtirildi.
Mazkur IPO Oʻzbekiston kapital bozori uchun muhim voqea hisoblanadi, chunki mamlakatda shu paytgacha davlat yoki xususiy sektor kesimida bunday miqyosdagi ommaviy joylashtiruv kuzatilmagan.

Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasining (UzNIF) ilk ommaviy joylashtiruvi (IPO) mamlakat kapital bozori uchun muhim voqealardan biri boʻldi. IPO ikki yoʻnalishda: London fond birjasida global depozitar tilxatlar hamda Toshkent fond birjasida oddiy aksiyalar shaklida amalga oshirildi.
IPO yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi jamgʻarma ustav kapitalining 31 foizini investorlarga sotdi. Jami bitimlar hajmi qariyb 603,6 mln dollarni tashkil qildi. Bu mablagʻ UzNIF’ga emas, sotuvchi aksiyadorga, yaʼni davlatga yoʻnaltiriladi. Mazkur joylashtriishdan keyin jamgʻarma qiymati taxminan 1,95 mlrd dollarga baholandi.
London bozorida UzNIF global depozitar tilxatlari 25 dollardan joylashtirildi. Bitta GDR 64 700 dona oddiy aksiyani ifodalaydi. Toshkentdagi taklifda esa bir dona aksiya narxi 4,65 soʻm etib belgilandi. Oʻzbekistonlik rezident jismoniy shaxslar uchun 12 mlrd soʻmgacha boʻlgan buyurtmalarda 5 foizlik chegirma qoʻllanib, narx 4,41 soʻmni tashkil etdi.
Taklifning asosiy qismi xalqaro investorlarga toʻgʻri keldi. London yoʻnalishida taxminan 1,52 trln dona aksiya GDR shaklida sotildi. Toshkent taklifi doirasida esa mahalliy institutsional va chakana investorlar qariyb 47,9 mlrd dona aksiya sotib olgan.
IPO oldidan UzNIF yirik xalqaro investorlar bilan kelishuvlarga erishgan. BlackRock, Franklin Resources, Redwheel hamda Allan & Gill Gray Foundationʼga tegishli ikki treasury kompaniyasi jami 300 mln dollarlik GDR sotib olish majburiyatini olgan. Oddiy qilib aytganda, IPO hali yakunlanmasidan turib, yirik investorlar UzNIF aksiyalarining katta qismini sotib olishga tayyorligini bildirgan. Bu boshqa investorlar uchun ham ishonch signali boʻlib xizmat qilgan.
London fond birjasida UzNIF GDR’lari boʻyicha shartli savdolar 13 may kuni UZNF va UZ20 tickerlari ostida boshlandi. Toʻliq savdolar, shuningdek Toshkent fond birjasida aksiyalar savdosi 18 may atrofida boshlanishi kutilmoqda. London bozorida qogʻozlar 25 dollarlik joylashtirish narxidan yuqoriroq — taxminan 26 dollar atrofida ochilgani xabar qilindi.
UzNIF 2024 yilda tashkil etilgan boʻlib, mamlakatdagi strategik davlat korxonalarida 25 foizdan 40 foizgacha ulushlarga ega. Jamgʻarma portfelida transport, energetika, telekommunikatsiya, bank va infratuzilma kabi sohalardagi yirik kompaniyalar bor. Bularga misol qilib Uzbekistan Airways, SQB va “Oʻzbektelekom”ni keltirish mumkin. Reuters maʼlumotiga koʻra, UzNIF aktivlari taxminan 2,44 mlrd dollar atrofida baholangan.
Bu IPO Oʻzbekiston uchun bir necha jihatdan ahamiyatli. Birinchidan, bu davlatga tegishli oʻzbek emitentining xalqaro kapital bozoriga chiqishidagi muhim bosqich boʻldi. Ikkinchidan, Toshkent fond bozorida chakana investorlar uchun yirik davlat aktivlariga egalik qilish imkoniyati paydo boʻldi. Uchinchidan, UzNIF listingi kelajakdagi boshqa yirik IPO’lar, jumladan jamgʻarma portfelidagi kompaniyalar yoki boshqa davlat aktivlari uchun sinov vazifasini bajaradi.
Shu bilan birga, IPO muvaffaqiyatini faqat jalb qilingan mablagʻ hajmi bilan baholash yetarli emas. Keyingi bosqichda investorlar uchun asosiy savollar UzNIF portfelidagi kompaniyalarning dividend siyosati, korporativ boshqaruv sifati, aksiyalar likvidligi va davlat ishtirokining kelajakdagi kamayish surʼatlari bilan bogʻliq boʻladi.
Prezidentning PQ-74-son qaroriga koʻra, jamgʻarma ulushi mavjud boʻlgan jamiyatlar boʻyicha hisoblangan dividendlarni ularning oʻz ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi.









