UZCARD yoki HUMO: I chorakda kim koʻproq sof foyda oldi?
UZCARD 2026 yilning I choragida 437,41 mlrd soʻm sof foyda olib, HUMOʻdan qariyb 2,1 baravar koʻproq foyda koʻrdi. HUMO’ning sof foyda koʻrsatkichi 205,95 mlrd soʻmni tashkil etgan. Shunga qaramay, HUMO’ning sof foydasi UZCARD’nikiga nisbatan tezroq oʻsmoqda. HUMO’da bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 328,95 foizga, UZCARD’da esa 42,21 foizga oshgan.

Oʻzbekistondagi ikki yirik toʻlov tizimi — “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (UZCARD) va “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO) 2026 yilning I choragi yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotlarini eʼlon qildi. Hisobotlarga koʻra, yanvar–mart oylarida UZCARD 437,41 mlrd soʻm, HUMO esa 205,95 mlrd soʻm sof foyda olgan.
UZCARD I chorakda 437 mlrd soʻmdan ortiq sof foyda oldi
“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ 2026 yilning I choragida 437,41 mlrd soʻm sof foyda koʻrdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 129,83 mlrd soʻmga yoki 42,21 foizga koʻp. Kompaniyaning tegishli hisoboti Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilingan.
Hisobotga koʻra, UZCARD’ning choraklik daromadlari 621,70 mlrd soʻmga yetgan. Bu oʻtgan yilning I choragiga nisbatan 38,30 foizga yoki 172,17 mlrd soʻmga koʻp. Kompaniya xarajatlari esa 41,35 foizga oshib, 199,95 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
2026 yilning I choragi yakunida UZCARD aktivlari 1,39 trln soʻmga yetgan. Ustav kapitali esa oʻzgarishsiz — 50 mlrd soʻm darajasida qolgan.
UZCARD I chorakda 18,67 mlrd soʻm daromad soligʻi toʻlagan. Bu 2025 yilning mos davridagi koʻrsatkichga nisbatan 13,5 baravar koʻp. Oʻtgan yilning I choragida kompaniya 1,28 mlrd soʻm daromad soligʻi toʻlagan edi.
Hisobotga koʻra, UZCARD’ning 1,19 trln soʻmlik foydasi taqsimlanmay turibdi.
Avvalroq UZCARD 2025 yilda 1,3 trln soʻm sof foyda olgani xabar qilingandi.
HUMO sof foydasi 3 baravardan koʻproqqa oshdi
“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ 2026 yilning I choragida 205,95 mlrd soʻm sof foyda koʻrdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 157,94 mlrd soʻmga yoki 328,95 foizga koʻp. Kompaniyaning tegishli hisoboti Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilingan.
Hisobotga koʻra, HUMO’ning choraklik daromadlari 308,62 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu oʻtgan yilning I choragiga nisbatan 211,17 foizga yoki 209,44 mlrd soʻmga yuqori. Kompaniya xarajatlari esa nisbatan pastroq surʼatda, 66,36 foizga oshib, 55,23 mlrd soʻmga yetgan.
2026 yilning yanvar–mart oylarida HUMO aktivlari 714,36 mlrd soʻmdan 946,19 mlrd soʻmgacha oshgan. Ustav kapitali esa oʻzgarishsiz — 155,4 mlrd soʻm darajasida qolgan.
Sof foyda 3 baravardan koʻproqqa oshganiga qaramay, HUMO I chorakda atigi 11,2 mln soʻm daromad soligʻi toʻlagan. Bu holat kompaniyaning 2025 yil 30 aprel kuni IT Park rezidentlari qatoriga qoʻshilgani va soliq imtiyozlaridan foydalangani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, 2026 yil 1 apreldan boshlab toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimi operatorlari IT Park rezidentlari roʻyxatidan chiqarilgan.
Hisobotda HUMO’ning 658,61 mlrd soʻmlik foydasi taqsimlanmay turgani qayd etilgan.
Avvalroq HUMO’ning 2025 yildagi sof foydasi 312 mlrd soʻmdan oshgani xabar qilingandi.









