Uzcard 2025 yilda aksiyadorlariga qariyb 1,1 trln soʻm dividend toʻladi
Uzcard 2025 yilda oʻz aksiyadorlariga 1 trillion 89 milliard soʻmdan ziyod dividend toʻlovlarini dividend toʻlash haqida qaror qabul qildi. Ushbu summaning qariyb 990 milliard soʻmi yil yakunigacha, qolgan qismi esa 2026 yilning fevraligacha toʻliq toʻlab berilgan. Kompaniyaning sof foydasidan ajratilgan ushbu dividendlar uning asosiy egalari — IMC-CAPITAL MChJ (75%) hamda Kamron Akbarovga (25%) yoʻnaltirilgan.

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (Uzcard) 2025 yil davomida oʻz aksiyadorlariga jami 1 trillion 89 milliard soʻmdan ortiq (1 089 408 000 ming soʻm) dividend toʻlash boʻyicha qaror qabul qildi. Bu haqda kompaniyaning xalqaro standartlar asosida tayyorlangan moliyaviy hisobotida maʼlum qilingan.
Kompaniyaning ustav kapitali 50 million dona oddiy aksiyadan iborat (har birining nominal qiymati 1 000 soʻm). 2025 yilda aksiyadorlar qaroriga koʻra dividendlar ikki qismga boʻlib eʼlon qilingan:
- 2024 yil yakunlari boʻyicha: 252,4 milliard soʻm (252 420 000 ming soʻm). Bu har bir aksiya uchun 5 048 soʻmdan toʻgʻri keladi.
- 2025 yilning 9 oylik yakunlari boʻyicha: 836,9 milliard soʻm (836 988 000 ming soʻm). Bu har bir aksiya uchun 16 740 soʻmni tashkil qildi.
Eʼlon qilingan jami dividendlar summasidan 989,8 milliard soʻmi (989 882 696 ming soʻm) 2025 yilning oʻzida naqd pul koʻrinishida toʻlab berilgan. Qolgan qarzlar (3-chorak uchun) esa hisobot sanasidan keyin, yaʼni 2026 yilning 16 yanvar (91,6 mlrd soʻm) va 5 fevral (43,1 mlrd soʻm) kunlari aksiyadorlarga toʻliq toʻlab berilgan.
Kompaniyaning sof foydasidan ajratiladigan ushbu ulkan mablagʻlar uning asosiy egalariga yoʻnaltiriladi. 2025 yil 31 dekabr holatiga koʻra, Uzcard aksiyalarining egalari quyidagilar:
- IMC-CAPITAL MChJ — 75% ulush.
- Akbarov Kamron Anvarovich — 25% ulush.
Maʼlumot uchun, 2024 yilda kompaniya oʻz aksiyadorlariga jami 829,1 milliard soʻm dividend eʼlon qilgan boʻlib, shundan 652,7 milliard soʻmi naqd pulda, 141 milliard soʻmi esa aksiyadorlarning kompaniya oldidagi qarzdorligini qoplash hisobiga (zachet) ushlab qolingan edi.
Uzcard boshqaruvi va aksiyadorlari haqida
Kompaniyaning kuzatuv kengashiga quyidagi shaxslar kiradi:
Akilov Akbar Anvarovich — Kuzatuv kengashi raisi
Yusupov Aziz Azamatovich — Kuzatuv kengashi aʼzosi
Akbarov Kamron Anvarovich — Kuzatuv kengashi aʼzosi
Sadikov Ulugʻbek Zaxirovich — Kuzatuv kengashi aʼzosi
Tursunbaev Jasur Ravshanbek oʻgʻli — Kuzatuv kengashi aʼzosi
Akilov Akbar Anvarovich 2024 yildan beri kompaniyani boshqarib kelayotgan “UCMG” MChJda 25 foizlik ulushga ega. Kompaniyaning qolgan 75 foiz qismi esa “IMC-Capital” MChJ xorijiy kompaniyasiga tegishli. “IMC-Capital” oʻz navbatida boshqa bir xorijiy Berill Holding Company Limited kompaniyasiga qarashli boʻlib, ushbu kompaniya direktori sifatida Aziz Yusupov koʻrsatilgan.









