11 974.790 so‘m

decrease

-54.410

14 008.110 so‘m

decrease

-57.630

159.640 so‘m

decrease

-0.620

11 974.790 so‘m

decrease

-54.410

4 soat avval
Iqtisodiyot
30

UzAuto Motors’ning choraklik sof foydasi 16 foizgacha kamaydi

UzAuto Motors 2026 yilning birinchi choragida 10,9 trln soʻm tushum koʻrdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12,2 foizga koʻp. Shunga qaramay, kompaniyaning sof foydasi 648,3 mlrd soʻmni tashkil etib, yillik taqqoslaganda 16 foizga kamaydi.

Kompaniyaning I chorakdagi moliyaviy natijalari haqida batafsil:

UzAuto Motors’ning choraklik sof foydasi 16 foizgacha kamaydi
Foto: AI/Pinkod.uz

“UzAuto Motors” AJ 2026 yilning yanvar–mart oylarida tushumini oshirgan boʻlsa-da, yakuniy sof foydada pasayish qayd etdi. Bu haqda kompaniya eʼlon qilgan moliyaviy hisobotda keltirib oʻtilgan.

Hisobotga koʻra, kompaniyaning 2026 yil birinchi choragidagi tushumi 10,88 trln soʻmga yetgan. 2025 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 9,7 trln soʻmni tashkil etgan edi. Yaʼni bir yil ichida tushum 1,19 trln soʻmga yoki 12,2 foizga oshgan.

Biroq operatsion xarajatlar, ayniqsa sotish xarajatlaridagi keskin oʻsish yakuniy natijaga bosim qilgan. Kompaniyaning sotish xarajatlari bir yil ichida 349,4 mlrd soʻmdan 1 trln soʻmgacha oshgan. Bu 655 mlrd soʻmlik oʻsish boʻlib, xarajatlar qariyb 2,9 barobarga koʻpayganini anglatadi. Maʼmuriy xarajatlar esa, aksincha, 225,9 mlrd soʻmdan 190,7 mlrd soʻmgacha kamaygan.

Sotish tannarxi ham oʻsgan, biroq tushumga nisbatan ancha past surʼatda. 2025 yil birinchi choragida sotish tannarxi 8,66 trln soʻm boʻlgan boʻlsa, 2026 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 8,98 trln soʻmga yetgan. Oʻsish 321,9 mlrd soʻmni yoki 3,7 foizni tashkil etgan.

Shu omillar fonida operatsion foyda deyarli oʻzgarmagan. 2025 yil birinchi choragida kompaniyaning operatsion foydasi 738,5 mlrd soʻm boʻlgan boʻlsa, 2026 yilning mos davrida bu koʻrsatkich 749,8 mlrd soʻmga yetgan.

Foyda soligʻi xarajatlari esa 144,8 mlrd soʻmdan 157,2 mlrd soʻmgacha oshgan. Yakunda kompaniyaning sof foydasi 648,3 mlrd soʻmgacha kamaygan (2025 yilda — 771,9 mlrd). Bu avvalgi yilga nisbatan 123,7 mlrd soʻmlik yoki 16 foizlik pasayishdir. Bir aksiyaga toʻgʻri keladigan bazaviy foyda ham 2 850,78 soʻmdan 2 393,98 soʻmgacha tushgan.

Kompaniyaning balans koʻrsatkichlarida esa oʻsish kuzatilgan. 2026 yil 31 mart holatiga UzAuto Motors’ning jami aktivlari 34 trln soʻmdan oshgan. 2025 yil yakunida bu koʻrsatkich 32,2 trln soʻm edi. Yaʼni uch oy ichida kompaniya aktivlari qariyb 1,8 trln soʻmga koʻpaygan.

Aktivlar tarkibida zaxiralar hajmi yuqoriligicha qolmoqda. 2026 yil 31 mart holatiga kompaniya zaxiralari 13,3 trln soʻmni tashkil etgan. Bu 2025 yil yakunidagi koʻrsatkichdan 1,3 trln soʻmga koʻp. Pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlari esa kamayib, 833,9 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

Kompaniyaning xususiy kapitali ham oshgan. 2025 yil oxirida UzAuto Motors’ning jami xususiy kapitali 15,4 trln soʻm boʻlgan boʻlsa, 2026 yil mart oxirida bu koʻrsatkich 16,2 trln soʻmga yetgan. Majburiyatlar esa 17,8 trln soʻmni tashkil etgan.

UzAuto Motors’ning ustav kapitali 2026 yil 31 mart holatiga 3 trln 175,3 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+