UzAuto Motors bozor ulushi bir yilda 12 foizga kamaydi
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida Oʻzbekistonda 419 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarildi.
UzAuto Motors yetakchi ishlab chiqaruvchi sifatida qolayotgan boʻlsa-da, uning bozor ulushi bir yil ichida 86 foizdan 74 foizgacha qisqardi.
Ishlab chiqarishda Chevrolet Cobalt va Damas asosiy ulushni egallab turibdi, boshqa brendlar orasida esa eng yuqori oʻsish Kia’da qayd etildi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida Oʻzbekistonda jami 419 338 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 foizga yuqori. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida UzAuto Motors yetakchi oʻrinni saqlab qolmoqda. Shunga qaramay, kompaniyaning bozor ulushi bir yil ichida 12 foiz punktga kamayib, 86 foizdan 74 foizgacha tushdi.
Model kesimida Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish hajmi boʻyicha yetakchiligini davom ettirmoqda. Yil boshidan buyon 148 mingdan ortiq ushbu model ishlab chiqarilgan. Biroq bu koʻrsatkich oʻtgan yilgi natijadan 1,1 foizga past.
Noyabr oyida 16,3 ming dona Cobalt ishlab chiqarildi, bu esa oʻtgan yilning mos oyidagi koʻrsatkichdan biroz yuqori.

Ishlab chiqarish hajmi boʻyicha ikkinchi oʻrinda yana UzAuto Motors’ga tegishli Damas modeli turibdi — 85,3 ming dona. Shu bilan birga, Damas ishlab chiqarish hajmi bir yil davomida 8 foizdan koʻproqqa qisqardi.
UzAuto Motors’ning Tracker modeli ishlab chiqarishi esa oʻsishda davom etmoqda. 2025 yilning dastlabki 9 oyida 47,8 ming dona avtomobil ishlab chiqarilib, bu oʻtgan yilga nisbatan 17,4 foizlik oʻsishni anglatadi.
Shu bilan birga, statistikada Malibu va UzAuto’ning boshqa yuqori narx segmentidagi modellari koʻrinmaydi. Sababi, ushbu avtomobillar tayyor holda xorijdan olib kelinib, ichki bozorda sotilmoqda va milliy ishlab chiqarish sifatida hisobga olinmaydi. UzAuto Motors bu amaliyotni 2024 yilgi moliyaviy hisobotida ham rasman tasdiqlagan.
Boshqa ishlab chiqaruvchilar orasida eng katta ishlab chiqarish hajmi Kia hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Kompaniya yil boshidan buyon 24,5 ming dona avtomobil ishlab chiqarib, 26,8 foizlik oʻsish qayd etdi.
Shuningdek, 11 oy davomida BYD ishlab chiqarish hajmi 17,5 ming dona, Haval — 8 891 dona, Chery — 8 627 donani tashkil etdi. Tank 500 modeli 50 dona miqdorida ishlab chiqarilgan. Maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi esa 49 372 donaga yetdi.









